Toshkent aeroporti uchib ketish zali yonida yong‘in yuz berdi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.
Qayd etilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 11:20 da Toshkent xalqaro aeroporti vokzal oldi maydonida yangi “Terminal” kafesida yong‘in kelib chiqqan. Voqea joyiga zudlik bilan aeroport va shahar o‘t o‘chirish bo‘limlari yetib kelgan. Yong‘in soat 11:47 da o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida 5 kv metr maydonga zarar yetgan. Jabrlanganlar yo‘q. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga oshxonadagi kichik yong‘in sabab bo‘lgan.
Toshkent xalqaro aeroporti normal rejimda ishlayotgani ma’lum qilindi.