HAMAS G‘azo sektorida sulh tuzish uchun yangi taklif kiritganidan keyin Isroil Falastin guruhi bilan muzokaralarni davom ettirishga rozi bo‘ldi, deb xabar beradi Reuters.
Isroil razvedka xizmati “Mossad"ning rahbari Devid Barnea kelishuv tafsilotlarini, shu jumladan, HAMAS asirligidagi garovga olinganlarni ozod qilishni muhokama qilish uchun Qatarga bordi, deb aniqlik kiritdi The Times of Israel.
Isroil muzokaralar guruhidagi manba Reuters`ga kelishuvga erishish uchun “haqiqiy imkoniyat bor” ekanini aytdi. “HAMAS tomonidan ilgari surilgan taklif juda muhim jihatni o‘z ichiga oladi”, — dedi agentlik suhbatdoshi.
Isroilning HAMAS taklifiga munosabati avvalgilaridan keskin farq qiladi, oldinlari Isroil rasmiylari guruh tomonidan ilgari surilgan shartlarni nomaqbul deb atardi, e’tibor qaratdi Reuters.
Isroil HAMASdan sulh kelishuvi bo‘yicha navbatdagi taklifni 3-iyul kuni oldi. U may oyi oxirida prezident Jo Bayden tomonidan taqdim etilgan AQSh rejasiga javob bo‘ldi. Taklif uch bosqichdan iborat. Birinchisi garovga olinganlar va falastinlik mahbuslarni almashtirishni, shuningdek, qisqa muddatli sulhni nazarda tutadi.
Falastin rasmiysi Reuters agentligiga HAMAS ba’zi nuqtalarda, agar Isroil buni ma’qullasa, qisman kelishuvga erishishga imkon beradigan “moslashuvchanlik namoyish etganini” aytgan.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi tinchlik rejasi bo‘yicha asosiy kelishmovchiliklardan biri bu sulhning davomiyligi va guruhning G‘azoni boshqarishdagi kelajakdagi roli hisoblanadi. HAMAS Isroildan urushni to‘liq tugatishni va qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qilmoqda, Isroil esa HAMAS “yo‘q qilinmaguncha” mojaro tugamasligini aytmoqda. “Urushning sakkiz oyi davomida harbiy harakatlar faqat bir marta — bir haftaga to‘xtadi. O‘shanda HAMAS falastinlik mahbuslar evaziga garovga olingan ba’zi isroilliklarni ozod qilgandi.
Avvalroq New York Times Isroil harbiy rahbariyati snaryadlar taqchilligi sharoitida, hatto HAMAS hozircha hokimiyatda qolsa ham, G‘azoda sulh tuzish tarafdori ekanini yozgan edi. Ularning fikricha, sulh G‘azoda HAMAS qo‘l ostidagi tirik va o‘lik 120 nafar garovga olinganlarni ozod qilishning eng yaxshi yo‘li bo‘ladi.
- Isroil falastinlik tinch aholi qurbonlari sonining ko‘pligi sababli urushni to‘xtatish bo‘yicha, xususan, o‘zining asosiy ittifoqchisi bo‘lgan AQSh tomonidan ortib borayotgan xalqaro bosimga duch kelmoqda. 2023-yil dekabrida JAR Isroilning G‘azodagi falastinliklarga qarshi harakatlari “genotsid xususiyatiga ega” degan da’vo bilan Xalqaro sudda Isroilga qarshi ish ochgandi. Isroil bu ayblovlarni qat’iyan rad etadi.
- 2023-yil 7-oktabr kuni HAMAS Isroilga hujum qilib, kamida 1200 isroillikni o‘ldirib, 200 dan ortiq kishini garovga olgandan keyin G‘azodagi mojaroning yangi bosqichi boshlandi. Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMASga qarshi urush e’lon qildi, anklavga intensiv havo hujumlari uyushtirdi va u yerga qo‘shin yubordi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojarolar davomida mintaqada 37 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.