Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “Transport, o‘zaro bog‘liqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish” shiori ostidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va TDT Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida ushbu uchrashuv turkiy dunyoning madaniyat poytaxtlaridan biri bo‘lgan Shusha shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ma’no mujassamligini ta’kidlab, prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabog‘da olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholadi.
“XX asrning buyuk siyosat va jamoat arbobi, mustaqil Ozarbayjon davlatining asoschisi, muhtaram Haydar Aliyev ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, „Shushasiz — Qorabog‘, Qorabog‘siz Ozarbayjon bo‘lmaydi“”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev bundan 5 yil avval O‘zbekiston Ozarbayjonda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lib kirganini eslatdi.
“Ushbu sammitimiz global xavf va xatarlar ortib, o‘zaro ishonch inqirozi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Bunday murakkab vaziyatda azaliy qardoshlik ruhidan kuch olayotgan aloqalarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shu ma’noda, bugungi yig‘ilishimiz „Transport, o‘zaro bog‘liqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish“ shiori ostida o‘tayotgani dolzarb ahamiyatga ega”, — O‘zbekiston rahbari.
Shavkat Mirziyoyev 3 ta ustuvor masalaga sammit ishtirokchilarining diqqati qaratdi.
Birinchisi — savdo va transport yo‘llarini rivojlantirish.
“Mamlakatlarimiz bugungi kunda dunyoning asosiy bozorlariga chiqish hamda Buyuk ipak yo‘lini yangi tarixiy sharoitda qayta tiklash uchun qattiq bel bog‘lagan. Albatta, so‘nggi yillarda Tashkilot doirasida bu sohadagi hamkorlikning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda, raqamli tizimlar ishga tushirilmoqda. Natijada Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi muttasil o‘sib bormoqda. Biznes uchun eng ma’qul tariflarni joriy etish ushbu yo‘lakning raqobatdoshligi va jozibadorligini keskin oshirishi shubhasiz”, — dedi prezident.
Davlat rahbari O‘zbekiston “Yagona oyna” tizimi yo‘lga qo‘yilishidan, bojxona-chegara o‘tkazish punktlarining uzluksiz ishlashi ta’minlanishidan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
“O‘tgan hafta Toshkentda tashkil etilgan Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansini Tashkilotimizning transport sohasidagi kun tartibini shakllantirish va ustuvor vazifalarini amalga oshirishda keng jalb etish maqsadga muvofiqdir. Tashkilotimiz doirasida Temir yo‘l ma’muriyatlari kengashini tuzish va uning direksiyasini Toshkent shahrida joylashtirish haqidagi taklifimizni ma’qullaysizlar, deb ishonaman. Topshiriq bersak, navbatdagi sammitimizga qadar savdo va transport vazirlarimiz xalqaro koridorlar imkoniyatlaridan yanada unumli foydalanish va avtotashuvlarni to‘liq raqamlashtirish, „yashil“ yo‘laklar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikkinchisi — iqlim o‘zgarishlariga qarshi birgalikda kurashish.
“Tashkilotimiz hududi iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri, desak, bu ayni haqiqatdir. Mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun bizning tashabbusimiz asosida vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tuzish taklifini ma’qullaysizlar, deb ishonaman. Mazkur tuzilma qarorgohini ekologik ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud — Orolbo‘yidagi yirik shahar Nukusda joylashtirish ayni muddao bo‘lar edi”, — dedi davlat rahbari.
Shuningdek, prezident 2024-yilning noyabr oyida Bokuda o‘tkaziladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining XXIX Iqlim sammiti (COP — 29) barcha mamlakatlar uchun ulkan tarixiy voqea bo‘lishini qayd etdi.
“Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha dunyo yetakchilari sammiti muvaffaqiyatli o‘tishiga chin dildan tilakdoshmiz. Biz mazkur nufuzli anjumanda faol ishtirok etishga va bu borada Ozarbayjonga har tomonlama ko‘maklashishga tayyormiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchinchisi — muqobil energetika.
“Biz 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini keskin oshirish va energetika balansida ularning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Sheriklarimiz bilan birga yiliga 2 gigavatt quvvatdagi yangi shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirmoqdamiz. Ushbu loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda. Qo‘shni Qirg‘izistonda gidroelektr stansiyalarini Qozog‘iston bilan birgalikda qurish ishlarini ham boshlayapmiz. Muqobil energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida „Yashil energetika sari turkiy harakat“ konsepsiyasini qabul qilishning vaqti-soati keldi, deb o‘ylayman”, — dedi O‘zbekiston rahbari.
“Biz zamonaviy “bilimlar iqtisodiyoti”ni qurish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalar, blok-cheyn, bulutli, kvant hisoblash texnologiyalari, robototexnika, “to‘rtinchi sanoat” kadrlarini tayyorlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdormiz. Buning uchun Turkiy davlatlar tashkilotining Inson kapitalini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha tashabbusni ilgari suramiz va uni yurtimizda joylashtirishga tayyormiz. Tashkilot shafeligida aniq fanlar bo‘yicha Yoshlar turkiy olimpiadasi va Butunjahon turkshunoslar kongressini tashkil etishni hamda ularni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev nutqida yana bir bor G‘azo va Afg‘onistonga e’tibor qaratdi.
“To‘qqiz oydan buyon G‘azo sektorida kechayotgan qonli urush oqibatlari bizni chuqur qayg‘u va iztirobga solmoqda. To‘qnashuvlar 40 mingga yaqin aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar hayotiga zomin bo‘lganini hech bir sabab va bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. Biz zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqiramiz. Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni ta’minlashning eng asosiy shartidir”, — dedi prezident.
“Ming afsuski, jahonning boshqa mintaqalarida urush va mojarolar kuchayib borayotgani oqibatida yon qo‘shnimiz bo‘lgan va ko‘p millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afg‘onistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolib ketmoqda. O‘zbekiston afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatishni bundan buyon ham davom ettiradi”, — dedi O‘zbekiston rahbari.
“Afg‘onistonning xorijdagi „muzlatilgan“ moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonamiz. Yangi voqelik sharoitida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha Tashkilotimiz a’zolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish masalalari tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarida asosiy muhokama mavzusi bo‘lishi lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nutqi yakunida, Shavkat Mirziyoyev, anjuman kun tartibiga kiritilgan Qorabog‘ deklaratsiyasining imzolanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.