Shavkat Mirziyoyev Mas’ud Pezeshkiyonni Eron Islom Respublikasi prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Davlat rahbari o‘z maktubida mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli sheriklik barcha ustuvor yo‘nalishlarda yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.

“Biz katta salohiyat va imkoniyatga ega bo‘lgan, so‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan davlatingiz bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni bundan buyon ham izchil va samarali kengaytirishdan manfaatdormiz”, — deyiladi maktubda.

Ma’lumot uchun, Pezeshkiyon saylovning ikkinchi bosqichida 16,4 mln eronlik — saylovda qatnashganlarning 54,8 foizi ovozini to‘plab g‘alaba qozondi.

Eslatib o‘tamiz, Eronda prezident saylovlari sobiq prezident Ibrohim Raisiy vafoti munosabati bilan muddatdan avval o‘tkazildi. Ichida Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot 19-may kuni Eron shimoli-g‘arbidagi tog‘li hududga qulab tushgandi. U Ozarbayjon bilan chegaradagi Araks daryosi to‘g‘onining ochilish marosimidan qaytayotgan edi. Unga hamrohlik qilgan delegatsiya, jumladan, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan ham vafot etgan.