Bolalar ishtirokidagi YTHlar (ulardan birida 140 km/soat tezlikda qiz urib ketilgan) haqidagi qo‘rqinchli videolar seriyasi o‘tgan haftada Angren shahri bo‘ylab Equinox rusumli avtomashinada 157 km/soat tezlikda harakatlangan haydovchining videosi bilan to‘ldirildi.
Madina Shamsutdinovaning Instagram`dagi akkauntidagi videoga e’tibor qaratgan Kun.uz uning videolari orasida mashina haydab ketayotganda telefonidan foydalangani haqida xabar berdi.
Video ostidagi izohlarda “Senga o‘xshaganlarning orqasidan 1 kunda 4−5 bola o‘lyapti”, degan fikrga u shunday javob bergan: “U bolachalarning taqdiri onasining qornida yozilib bo‘lgan”. Ko‘p o‘tmay, u videoni o‘chirib tashlagan.
Foto: Kun.uz.
Toshkent viloyati IIBBning yakshanba kuni xabar berishicha, ayol yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limiga taklif qilingan va unga “tegishli choralar ko‘rilgan”. Viloyat YHXBning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−5-moddasi 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) va 128−1-moddalari (Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi)ga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Bir organ tomonidan bir nechta huquqbuzarlik ko‘rib chiqilsa, bunda javobgarlik ularning og‘iriga nisbatan belgilanadi. Shunga ko‘ra, ayolga nisbatan 128−5-modda 2-qismiga ko‘ra BHMning 10 baravari (3,4 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llandi.
Idora tomonidan e’lon qilingan videoda ayolning aytishicha, video taxminan bir oy oldin olingan. U ijaraga olingan mashinadan foydalangan.
“Lekin men bunday tezlikda haydash mumkin emasligini, bunday yo‘llarda 70 km/soatdan ortiq tezlikka chiqmaslik kerakligini bilmasdim”, — deydi u. Bundan tashqari, u o‘ziga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishga rozi ekani, ishidan afsusdaligi va bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytdi.
- O‘tgan haftada Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida BYD krossoveri 140 km/soat tezlikda 2-sinf o‘quvchisini urib yuborgandi. U voqea joyida vafot etgan.
- Samarqand viloyatida Nexia haydovchisi 2022-yilgi SHHT sammiti oldidan kengaytirilgan yo‘lni kesib o‘tayotgan 7 yoshli bolani urib yuborgan. Bola akalari bilan uyining ro‘parasida joylashgan do‘konga chiqqandi. U kasalxonada vafot etgan.