Fransiyadagi parlament saylovlarining ikkinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Milliy assambleyadagi 182 o‘rinni qo‘lga kiritgan “Yangi xalq fronti” (NFP) so‘l partiyalari koalitsiyasi egalladi, deb yozmoqda Le Monde nashri mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib.

Prezident Emmanuel Makronning markazchi “Birgalikda” koalitsiyasi 168 o‘rin bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

Uchinchi o‘rinda Marin Le Penning “Milliy birlashuv” (143 o‘rin) boshchiligidagi o‘ta o‘ng partiyalar koalitsiyasi joylashgan.

Fransiya parlamentidan jami 577 deputat joy oladi. Shunday qilib, hech bir blok mutlaq ko‘pchilik ovozni (289 o‘rin) ololmadi. Bu mamlakat tarixida “misli ko‘rilmagan holat”, deb ta’kidladi Le Monde.

Saylovning ikkinchi bosqichida 501 mandat, birinchisida 76 mandat taqsimlandi.

30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan birinchi turda 37 nomzodni o‘z ichiga olgan “Milliy birlashuv” g‘alaba qozongandi. Keyingi o‘rinda NFP koalitsiyasi (32 o‘rin), uchinchi o‘rinda esa prezidentning “Birgalikda” (2 ta o‘rin) partiyasi edi.

Fransiya bosh vaziri Gabriel Attal prezidentga iste’foga chiqish haqidagi arizasini topshirishini, biroq saylovlardan keyin yuzaga kelgan siyosiy noaniqlik nuqtai nazaridan xizmatda davom etishini ma’lum qildi.

  • Prezident Emmanuel Makron Milliy assambleya (parlament quyi palatasi) tarqatib yuborilganini va 9-iyun kuni Fransiyada bo‘lib o‘tgan Yevroparlament saylovlarida “Milliy birlashuv” g‘alaba qozonganidan keyin muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini e’lon qilgandi.