Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh 3-iyul kuni Yunusobod tumani Sobirobod mahallasida bo‘lib, mavjud vaziyatni baholadi va yechimini kutayotgan muammolarni aniqladi, deya xabar qildi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
Tashrif davomida yechimni talab qiladigan bir nechta jiddiy kamchiliklarga e’tibor qaratildi, deyiladi xabarda. Infratuzilmani rivojlantirishga va aholining xavfsiz harakatlanishiga to‘sqinlik qilayotgan noqonuniy qurilmalar aniqlandi. Ularning mavjudligi zudlik bilan aralashuvni va qonunchilikka muvofiqlashtirishni talab qiladi.
Bundan tashqari, hokimlik mahalla ko‘chalari chiqindi bilan ifloslanib, sanitariyaga zid sharoitlarni yuzaga keltirayotgani xabar qilindi.
“Axlatni belgilanmagan joylarga tashlagan aholining o‘zi ham mas’ul ekani ta’kidlandi. Bundan tashqari, chiqindilarni yig‘ish joylari yetishmaydi, bu esa muammoni yanada chuqurlashtiradi. Qurilish chiqindilari o‘z vaqtida olib ketilmayotgani hududning tashqi ko‘rinishini yomonlashtirib, harakatlanishga to‘sqinlik qilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Hokimlik xabariga ko‘ra, savdo obyektlari sanitariya-epidemiologiya va yong‘in me’yorlariga javob bermaydi. Bu esa aholi salomatligi va xavfsizligiga tahdid solmoqda. Bundan tashqari, do‘konlarda aynigan sabzavot va mevalar sotilmoqda, bu ham qat’iy nazoratni talab qiladi.
Bir kun avval internetda hokim do‘konlardan biriga tashrif buyurgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Unda Shavkat Umurzoqov Yunusobod tumani hokimi Bahodir Abduvaliyevga murojaat qilib, sifati buzilgan o‘rikni ko‘rsatgan.
“Bahodir aka, mana, nima sotyapti aholiga? Mana, ko‘ring. Qani SES, Soliq bu yerda? Bular aholiga nima sotyapti? Buyoqqa kel. Qayerga qarayapsan? Nima, ertaga odamlar „otravleniye“ bo‘lsinmi? Ko‘r, mog‘orlab yotibdi. Mana, olmalari ham tagida suvlarigacha chiqib ketgan. Bahodir aka, nima bo‘lib yotibdi bu?” — deydi shahar hokimi.
O‘sha vaqtda Shavkat Umurzoqov “ezilgan” bir savat olmani olib, sifatsiz o‘rik solingan savat ustiga tashlaydi.
Hokim Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakiliga murojaat qilar ekan, yong‘in xavfsizligi me’yorlari buzilganiga ham to‘xtalib, so‘ng davlat xizmatchilari “uxlab yotganini” aytdi. “Bu doo‘kon emas, ombor”, — dedi u yakunda.
Shahar hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga oydinlik kiritishicha, Shavkat Umurzoqov obyekt yaqinida chiqindi to‘planib qolganini ko‘rib, do‘konga kirishga qaror qilgan.
Hokim mahallada, jumladan, do‘konda tartib va yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
“Meva — bir qism edi, xolos. Ishchi guruh butun mahallani aylanib chiqdi, maktab, chiqindi yig‘ish punkti, mana shu do‘kon, mahalla binosi, oziq-ovqat bozori, tibbiyot punktiga bordi. Mahalla juda iflos edi, kimdir garchi 50 qadam narida axlat qutisi bor bo‘lsa ham, axlatni daraxtga osib qo‘ygan, ariqlarga chiqindi tiqilib qolgan, u yerda suv chiqarishning iloji yo‘q”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Tashrif davomida hokim 259-sonli maktabdagi kapital rekonstruksiya jarayonini ham o‘rgandi. Hokim o‘quvchilarga ta’lim olishlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida ishlarni sifatli va o‘z vaqtida yakunlash zarurligiga e’tibor qaratdi.