Raqobat qo‘mitasi tomonidan Maxam-Chirchiq AJda ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘it mahsulot narxlarini shakllantirishda amaldagi normativ hujjatlarga rioya etilmagani oqibatida mahsulot narxlarini asossiz oshishiga olib kelgan harakatlarining alomatlari aniqlangan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.
Oqibatda mineral o‘g‘it mahsulotlari narxlari o‘rtacha 10 foizdan 15 foizgacha oshishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, ushbu omil qishloq xo‘jaligi korxonalari (klaster, fermer, dehqon va boshqalar)ga bevosita ta’sir qilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari oshishiga olib kelishi mumkin.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan Maxam-Chirchiq'ga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
“Qo‘zg‘atilgan ish o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilingandan so‘ng qo‘shimcha axborot beriladi”, — deyiladi xabarda.
Korxona saytidagi ma’lumotga ko‘ra, u yerda 40 dan ortiq, xususan, karbamid, ammiakli selitra, ammoniy sulfat, KAS, suyuq texnik ammiak, suvli texnik ammiak, konsentrlangan nitrat kislotasi, konsentrlanmagan nitrat kislotasi, katalizatorlar, suyuq va gazsimon ikki oksidli uglerod mahsulotlarini ishlab chiqariladi.