Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Chjao Letszi “so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani"ni qayd etdi.

XXR parlamenti rahbari Xitoy O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish dasturini, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va “yashil” energetika sohalarida strategik hamkorlik dasturlarini qabul qilish rejalarini qat’iy qo‘llab-quvvatlayotganini tasdiqladi.

Tomonlar Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi bo‘yicha ishlarni “tez fursatda boshlash” muhimligini ta’kidladi.

chjao letszi, shavkat mirziyoyev, xitoy

Bundan tashqari, O‘zbekistonda Xitoy oliy o‘quv yurtlarining filiallarini ochish, professional ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Konfutsiy instituti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.

“Parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, parlament a’zolari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonun ijodkorligi tajribasini o‘rganish zarurligi alohida ta’kidlandi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Toshkentda Chjao Letszi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva bilan ham uchrashdi. Parlament do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, parlament qo‘mitalari o‘rtasida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston viloyatlari va Xitoy provinsiyalari mahalliy kengashlari o‘rtasida aloqalar o‘rnatish taklif etildi.