O‘zbekistonda seshanbadan havo harorati ko‘tarila boshlaydi va ish haftasining oxirigacha +35…+39 daraja atrofida, janubda +42 darajagacha bo‘ladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Dushanba kuni kunduzi yoz faslining o‘rtasi uchun +32…+35 daraja, janubda va cho‘l hududlarda +38…+40 darajagacha bo‘lgan qulay harorat kuzatiladi. Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Butun ish haftasi davomida yomg‘ir yog‘ishi kutilmayapti. Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Respublikaning tog‘li hududlarida 8−12-iyul kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
8−9-iyulda Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona vilotlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Poytaxtda dushanbada qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi, shamol 12−14 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat +33…+35 daraja bo‘ladi. 9−12-iyul kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +35…+38 daraja bo‘ladi.