8-iyul kuni ertalab Rossiya Ukrainaga so‘nggi vaqtlardagi eng yirik raketa hujumlaridan birini uyushtirdi. Kiyev, Dnepr, Krivoy Rog va boshqa shaharlar o‘qqa tutildi.

“UNIAN” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda butun Ukraina bo‘ylab 20 dan ortiq odam halok bo‘lgan va 65 dan ortiq kishi jarohatlangan. Kiyevda 10, Krivoy Rogda 10 va Pokrovskda 3 kishi halok bo‘lgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujum paytida mamlakat bo‘ylab 40 dan ortiq turli raketalar uchirilganini bildirdi. Ularning aksariyati urib tushirildi.

Kiyevda raketa qoldiqlari yetti tumanga — Solomenskiy, Dneprovskiy, Darnitskiy, Desnyanskiy, Svyatoshinskiy, Shevchenkovskiy va Goloseyevskiyga tushdi, deb xabar berdi Kiyev shahri harbiy ma’muriyati. Bir qancha ko‘p qavatli binolar vayron bo‘lgan.

Raketalardan biri Kiyevning Shevchenkovskiy tumanidagi “Oxmatdet” bolalar shifoxonasi bo‘limiga kelib tushgan. Ukraina sog‘liqni saqlash vaziri Viktor Lyashkoning so‘zlariga ko‘ra, zarba bolalar dializ olgan korpusga kelib tushgan. Reanimatsiya, operatsiya xonalari, onkologiya bo‘limlari zarar ko‘rgan. Voqea joyida ishlar ketmoqda; vayronalar ostida odamlar bo‘lishi mumkin. Bemorlar shahardagi shifoxonalarga evakuatsiya qilinmoqda, dedi Kiyev meri Vitaliy Klichko. Uning ta’kidlashicha, “Oxmatdet”dagi hujum tufayli 16 kishi jarohatlangan, ulardan 7 nafari bolalar.

Ukraina ommaviy axborot vositalarining aniqlik kiritishicha, “Oxmatdet” Ukrainadagi eng katta bolalar shifoxonasi hisoblanadi. 620 o‘rinli shifoxonada yiliga 18 minggacha bola davolanadi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina shaharlari o‘qqa tutilganini tasdiqladi, ammo hujum “Ukrainaning harbiy sanoat obyektlari va Ukraina Qurolli kuchlarining aviatsiya bazalariga” amalga oshirilgani aytildi. “Zarbadan ko‘zlangan maqsadlarga erishildi”, — deyiladi harbiy idora bayonotida.

Vazirlik fuqarolik obyektlari uzra raketa hujumlari haqidagi bayonotlarni “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” deb atadi va halokatni Ukraina havo mudofaasi ishi bilan bog‘ladi.