Yandex Uzbekistan 2024-yilning kuzida mamlakatdagi biznesini rivojlantirish maqsadida Toshkentda ofis ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.
Ofis ochilishi jamoani kengaytirish, yangi xizmatlarni tezroq ishga tushirish va mamlakatda faoliyat yuritayotgan xizmatlarni kengaytirishga imkon beradi. Kompaniya, shuningdek, o‘zbekistonlik dasturchilar uchun IT-amaliyot dasturini ishga tushirishni reja qilmoqda.
Toshkentdagi ofis O‘zbekistonda Yandex Go shahar xizmatlarini, ta’lim, ko‘ngilochar va boshqa xizmatlarni rivojlantiruvchi xodimlarni birlashtiradi. U ochilgandan so‘ng yosh IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun amaliyot dasturlariga qabul qilish boshlanadi.
“Amaliyotlar kompaniya uchun ham, O‘zbekistonning butun IT-sohasi uchun ham kadrlar zaxirasini yaratishga yordam beradi. Ularning boshlanishi Yandex kompaniyasining IT-ta’lim dasturining bir qismi bo‘lib, loyiha doirasida kompaniya qo‘shimcha ravishda O‘zbekistonda yuqori sinf o‘quvchilari uchun yangi Dasturlash maktablarini ochadi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, informatika o‘qituvchilari uchun dasturlash bo‘yicha malaka oshirish kurslarini ishga tushiradi va ularga Python bo‘yicha metodik materiallardan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.
Yandex, shuningdek, qizlarni IT-tadbirkorlik sohasida rivojlantirishga qaratilgan Technovation Girls mentorlik dasturini qo‘llab-quvvatlaydi va sport dasturlash bo‘yicha intensiv treninglar o‘tkazadi.