2024−2025 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlandi, deya xabar bermoqda Bilimlarni baholash agentligi.

Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsatnomani my.uzbmb.uz saytiga shaxsiy identifikatsiya raqami hamda pasport seriyasi va raqamini kiritgan holda olishlari mumkin.

Agentlik test sinoviga pasport (ID-karta) va ruxsatnoma bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelish lozimligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

Ma’lumot o‘rnida, 2024-yil oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan 894 279 nafar abituriyentning 805 688 nafari testda qatnashadi. 88 591 kishining topshirgan hujjati turli sabablar bilan qabul qilinmagan. Imtihon olish uchun 73 ta yopiq turdagi katta sig‘imli bino tayyorlanmoqda.

Kirish test sinovlari 14-iyuldan 28-iyulga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Imtihonlar 28-iyulda yakunlanadi hamda 30-iyuldan boshlab 15 kun yo‘nalish tanlash imkoniyati yaratiladi. 13-avgustda (shu kuni ham tanlash mumkin bo‘ladi) ushbu muddat yakunlanadi. 7 kunlik muddatdan so‘ng mandat hisoblanadi hamda 21−22-avgustda e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” tizimdagi o‘zgarishlar bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ta’lim sifatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Abdusamat Mamanazarov bilan suhbatlashgandi.