Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Soyg‘o‘s mahallasi hududiga 3 ta ayiq kelib, mahalliy aholining chorvasiga hujum qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, holat Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida joylashgan Kunko‘rmas dovonining Qashqadaryo viloyati hududida sodir bo‘lgan. Urgut tumani Soyg‘o‘s mahallasi cho‘ponlari suv sathidan 2500−2700 metr balandlikda, ya’ni ayiqlarning yashash manzilida qo‘ylarini boqib kelishayotganda qo‘ng‘ir ayiqlar to‘rt bosh echkini yeb qo‘ygan.

Cho‘ponlarga yoki ayiqlarga talafot yetmagan. Shuningdek, mahalliy aholi 2 kun oldin kechasi ayiqlar Soyg‘o‘s mahallasiga 2−3 km yaqinlikdagi tog‘ bag‘rida o‘suvchi mevali daraxtlarni yeyish uchun tushib kelganini aytgan.

Boshqarmaga ko‘ra, hozirda tegishli mutaxassislar tomonidan holat nazoratga olinib o‘rganish ishlari davom etmoqda.