Toshkentning Uchtepa tumanida 8-iyul kuni kechqurun olti yoshli bola do‘konga borish uchun uyidan chiqib ketgan va g‘oyib bo‘lgan, deb xabar berdi UzAlert qidiruv-qutqaruv guruhi. Ertalab u ochiq suv quvuri ichidan topilgani ma’lum bo‘ldi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, issiq suv quvurini ta’mirlayotgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot ishchilari tomonidan kovlangan chuqur ochiq va to‘siqsiz qoldirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.