8-iyul kuni kunduzi Toshkent shahridagi Ibn Sino nomidagi 1-sonli shahar klinik shifoxonasi binosining tagidagi to‘singa darz ketib, ko‘chib tushdi. Shifoxona bosh shifokori Sodiq Alimov holat yuzasidan izoh berdi. U devordagi beton konstruksiyalar vaqt o‘tgan sari egilib kelayotganini, zararlanish faqat bitta balkonda bo‘lganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1979-yilda qurilgan bino 2018−2019-yillarda rekonstruksiya qilingan. Uni ahvoli yomon emas, qoniqarli. Bugungi kunda unda 118 nafar bemor bor. 5 qavatli binoning 2-qavati balkoni tagidagi to‘singa darz ketganini ko‘rishgach, FVV xodimlariga ma’lumot berilgan.

Foto: Kun.uzFoto: Kun.uz

“FVV xodimlari kecha kelib, hammayoqni tekshirishdi. Ular ekspertlar chaqirilib, xulosa olinishi kerakligi to‘g‘risida xulosa berishdi. Kelguncha binoning shu tarafidagi bemorlarning bir qismi narigi tarafga ko‘chirildi. Birorta bemor shifoxonadan chiqib ketgani yo‘q. „Og‘irsanoatloyiha“ tashkilotining mutaxassislari binoni tekshirib chiqdi. Natijada binoning zararlanishi lokal xarakterga ega ekani, ya’ni bitta balkonga taalluqli ekani, balkonning konstruksiyalarini olib tashlash kerakligi to‘g‘risida xulosa berishdi”, — deya qo‘shimcha qildi Sodiq Alimov.

Ertasi kuni — 9-iyulda binoga quruvchilar chaqirilgan. “Beton konstruksiyalar vaqt o‘tgan sari egilib kelayotgandi. Uni zarar keltirmasligi uchun tushirib yubordik. Binoga zarar yetgan joyi yo‘q. to‘liq funksiyasini bajarib turibdi”, — dedi shifoxona bosh shifokori.