Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimida (ASKUE) ijtimoiy iste’mol standartlarini hisoblash tartibini tushuntirdi.

Kurbanoff.net Telegram kanali muallifi elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar limitlar talabiga mos kelmayotgani haqida xabar bergandi. U ko‘rsatkichlarning skrinshotini ulashdi, bunda iste’mol 198 kVt/soatni tashkil etgan, biroq tizim 158 kVt/soatni ijtimoiy me’yor doirasida, 40 kVt/soatni esa “chegaradan oshib ketgan” deb hisoblagan.

Uning eslatishicha, ijtimoiy me’yor oyiga 200 kVt/soat qilib belgilangan bo‘lib, uning doirasida iste’molchi har bir kVt/soat elektr energiyasi uchun 450 so‘mdan, oshib ketganda (1000 kVt/soatgacha) esa 900 so‘mdan to‘laydi.

“Ha, siz buni hisob-kitob ko‘rsatkichi deb aytasiz, lekin bu ko‘rsatkichi bo‘yicha mijozning balansi minusga tushadi va tizim chiroqni o‘chiradi. Garchi, qoidaga ko‘ra, unda hali mablag‘ bor bo‘lsa ham. 18 000 so‘m noto‘g‘ri hisob-kitob qilingani uchun chiroq o‘chiriladi”, — dedi u.

HET boshqa iste’molchilarda ham shunga o‘xshash shikoyatlar bo‘lganini ta’kidladi. Xususan, 200 kVt/soat ijtimoiy me’yor to‘liq iste’mol qilinmagan bo‘lsa-da, elektr energiyasining ma’lum bir qismi yuqoriroq tarif — 900 so‘mdan hisoblab chiqilmoqda.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ASKUE iste’molchilarga o‘rnatilgan hisoblagichlar orqali kun yakuni bilan, ya’ni soat 00:00 da iste’mol qilingan ko‘rsatkichlarni tizimga yuboradi, o‘z navbatida, billing tizimi hisoblagich ko‘rsatkichlarini sutka davomida iste’molchilarning hisob raqamiga yozib olib, hisob-kitoblarni amalga oshiradi.

Masalan, iste’molchining hisoblagich ko‘rsatkichi 1-iyun holatiga 12 440 kVt/soatni, 30-iyun holatiga esa 12 750 kVt/soatni tashkil etadi. Bunda hisob-kitoblar quyidagicha amalga oshiriladi: 12750 — 12440 = 310 kV·soat = 200·450 + 110·900 = 189 ming so‘m.

Ko‘rsatkichlar orasidagi farq 29 kun.

Oyning oxirgi kuni — 30-iyundagi iste’mol 1-iyul soat 00:00 da qayd etiladi. Natijada o‘tgan oyning oxirgi kunidagi kunlik iste’mol yangi oyga qo‘shilib, ijtimoiy me’yordan (200 kVt/soat) oshib ketgani sababli ortiqcha limit — 900 so‘m bo‘yicha hisoblab chiqiladi.

Agar 5-iyulda iste’mol 40 kVt/soatni, 30-iyunda esa 10 kVt/soatni tashkil etgan bo‘lsa, iyul oyi uchun hisob-kitoblar quyidagicha aks ettiriladi: 10·900 + 40·450 = 27 ming so‘m.

“Iste’molchilarga mazkur tizimda barcha funksiyalar raqamlashtirilgani hamda inson omili ishtirok etmasligini eslatgan holda, hisoblagichlardagi har bir ko‘rsatkichlar aniqlik bilan hisob-kitob qilinishini ta’kidlab o‘tmoqchimiz”, — deyiladi xabarda.

 ASKUE billing tizimida amalga oshiriladigan hisob-kitob ishlari iyun-iyul oylari misolida.Infografika: HET ASKUE billing tizimida amalga oshiriladigan hisob-kitob ishlari iyun-iyul oylari misolida.
Infografika: HET

2023-yil oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq ulgurji iste’molchi (jami 28 foiz) va 648 ming yangi xonadon elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (ASKUE) ulanmaganini ta’kidlagandi. O‘shanda davlat rahbari kamchiliklarni bartaraf etish, elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

O‘tgan haftada Raqobat qo‘mitasi elektr energiyasini ortiqcha hisoblash holatlarini o‘rganishga kirishgandi.