Sanoqli soatlardan so‘ng yarim final o‘yinlari boshlanadi. Terma jamoalarning bugungacha ushbu Yevroda bosib o‘tgan yo‘li haqida bilamiz. Ular ushbu uchrashuvlarda qanday ishtirok etadi, bu esa ko‘pchilikka qiziq. “Taktika” jamoasi yarim final o‘yinlari oldi taxminlari bilan bo‘lishadi. Tayyormisiz, unda boshladik.

Ispaniya — Fransiya (9-iyul, 23:59)

евро-2024, taктика, Ispaniya — Fransiya, Niderlandiya — Angliya

Ikki terma jamoa uchun ham chorak final oson o‘tmadi. Biri o‘ta qiyin raqib hisoblangan Germaniyani qo‘shimcha vaqtlarda arang yenggan bo‘lsa, yana biri Portugaliya bilan penaltilar seriyasiga qadar yetib bordi. Ikkisi haqida ham qiziq gap paydo bo‘ldi: Ispaniyaning nemislarga qarshi uchrashuvida raqib terma jamoaning ko‘plab futbolchilari asabiylashgani, shu bilan birga, o‘yini ochilmagani uchun “omadi” kelganini aytishdi. Fransiya esa turnir davomida uradigan gollari o‘ziniki emasligida “ayblanmoqda”.

Terma jamoalar o‘z tarixlarida 36 bor to‘qnash kelishgan. Ularning 13 tasida Fransiya, 16 tasida Ispaniya g‘alaba qozongan. Yana 7 ta uchrashuv durang bilan tugagan.

Xo‘sh, bugun kim aslida kimligini bilib olamizmi? Bizningcha, yo‘q. Sababi ispanlardan uch nafar futbolchi — Karvaxal, Le Norman (ikkisida ham sariq kartochkalar ko‘payib ketgani sabab), Pedri (jarohat) ushbu bahsda ishtirok etmaydi. Fransuzlarda tarkib jihatdan muammo yo‘q bo‘lsa-da, yuqorida ta’kidlanganidek, gol urishda muammolar mavjud.

Ochiq futbol jihatidan ispanlar o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatmoqda. Ular Germaniyadan ham ko‘p tomonlama ustunlikka ega bo‘lishdi. Ammo Fransiya… Portugaliya hujumlarni qalashtirib tashladi, Desham shogirdlarida esa bu borada holat maqtangulik emas. Biroq baribir istalgan himoyachining ko‘ngliga g‘ulg‘ula soluvchi jihat bor — Kilian Mbappe! Istalgan vaqtda katta sahnaga chiqishi mumkin bo‘lgan “Real” futbolchisi bilan Alvaro Moratani solishtirish qiyin.

Bugungi o‘yin uchun taxminiy tarkiblar:

  • Ispaniya: Unay Simon; Navas, Nacho, Lyaport, Kukurelya; Olmo, Rodri, Fabian Ruis; Yamal, Morata, Uilyams.
  • Fransiya: Menyan; Kunde, Saliba, Upamekano, Ernandes; Kante, Chuameni, Kamavinga, Grizmann; Kolo-Muani, Mbappe.

Imkoniyatlar: 50/50

Niderlandiya — Angliya (10-iyul, 23:59)

евро-2024, taктика, Ispaniya — Fransiya, Niderlandiya — Angliya

Niderlandiyaning quvnoq futboli, ishonamizki, angliyaliklarni ham ilhomlantirib yuboradi. Natija uchun o‘ynash, finalga amallab chiqib olish uchun o‘ynash ayni shu bahsda bo‘lmasa kerak. Yuqoridagi super qarama-qarshilik oldida bu uchrashuv zerikarlidek tuyilishi mumkin, lekin teskarisi bo‘lsa ajab emas. Kuman ham, Sautgeyt ham chiroyli futbol orqali natijaga intiladi. Shu bilan birga, mavjud “karta”larni ochib tashlamagan holda.

O‘zaro o‘tkazilgan 32 ta bahsning 9 tasida niderlandiyaliklar, 13 tasida angliyaliklar g‘alaba qozongan. 10 ta bahs esa durang bilan yakun topgan.

Ikki terma jamoaning chorak finaldagi o‘yini haqida nima deyish mumkin? Niderlandiya matonatli Turkiyaga qarshi zo‘r qarshilik ko‘rsatdi va yuta oldi o‘yinni. Angliya esa Shveysariyaga qarshi o‘yinda qiynaldi, lekin gol o‘tkazib yuborgach, 5 daqiqa ichida o‘zini tiklay oldi. Ko‘rdik, bildik, his qildik.

Ikkala terma jamoada ham hech qanday yo‘qotish yo‘q. Mutlaq optimal tarkib va o‘yinni ko‘rsata bilishsa, yarim finalning “gul”ini ko‘rishimiz mumkin.

Ertangi o‘yin uchun taxminiy tarkiblar:

  • Angliya: Pikford; Uoker, Stounz, Gexi; Saka, Meynu, Rays, Shou; Foden, Bellingem; Keyn
  • Niderlandiya: Verbryuggen; Dumfris, de Vrey, van Deyk, Ake; Sxauten, Simons, Reynders; Malen, Depay, Gakpo

Imkoniyatlar: 49/51

Yoqimli futbol tilaymiz!