Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi amaldagi ma’muriy jarimalar miqdorini sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosib bo‘lishini ta’minlash uchun qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Agentlik tahlili ma’muriy jarimalar miqdorini belgilash mexanizmlari mavjud emasligini ko‘rsatdi, shu sababli sodir etilgan huquqbuzarlikka nomutanosib jarima solinmoqda. Yo‘nalish tartibga solinmagani bois manfaatdor davlat organlari tomonidan jarimalar miqdorini qayta ko‘rib chiqishga doir qonun loyihalarini tashabbuskorlik bilan ishlab chiqish holatlari ko‘paydi.

Masalan, avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirganlik uchun nazarda tutilgan 8,5 mln so‘mlik (bir yil ichida takror sodir etilganda 13,6 mln so‘m) jarima belgilanganda, ruxsatnomaning narxi 11−13 mln so‘m bo‘lgan. Bugungi kunda ruxsatnoma 2,7 mln so‘m etib belgilangan, ammo jarima miqdori esa o‘zgarishsiz qolmoqda.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda avtomobil oynasini qoraytirganlik uchun o‘rnatilgan jarima 468 ming so‘mni, Rossiyada — 60 ming so‘mni, Belarusda — 138 ming so‘mni tashkil qiladi.

Fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti xavfsizligi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirish uchun belgilangan jarimalardan ustuvorlik jihatidan muhimroq, deya ta’kidlaydi agentlik.

Piyodalarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita daxldor bo‘lgan YTHlar uchun belgilangan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish va og‘irlashtirish zarur, deya hisoblaydi agentlik. Hozirda piyodalar yo‘laklarida transport vositalarida harakatlanish 170 ming so‘m, piyodalar yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishi 113 ming so‘m va hokazo.

Ma’lumot o‘rnida, Germaniyada piyodani o‘tkazib yubormaganlik uchun belgilangan jarima miqdori 1,1 mln so‘m, Buyuk Britaniyada — 1,6 mln so‘m, Fransiyada — 1,85 mln so‘m, BAAda — 1,7 mln so‘mni tashkil etadi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator mamlakatlarda (xususan, Belarus, Latviya, Qozog‘iston, Rossiya, Germaniya, Italiya) ma’muriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” instituti joriy qilingan. “Ogohlantirish” jismoniy va yuridik shaxslarning sog‘lig‘i, hayoti va mulkiga, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga (23-modda) muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun 7 turdagi ma’muriy jazo qo‘llanilishi mumkin. Biroq ma’muriy jazo turi sifatida “ogohlantirish” qo‘llanilmaydi. Agentlikning qayd etishicha, “ogohlantirish” instituti alohida turdagi ma’muriy jazo sifatida joriy etilishi kerak.

Shu bilan birga, tahlil natijalariga ko‘ra, idora tomonidan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish masalasini ko‘rib chiqish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks normalarining korrupsiyaga qarshi kompleks ekspertizasini o‘tkazish taklif etildi.