8-iyul kuni soat 13:09 atrofida Toshkent viloyati Bo‘stonltiq tumanida tog‘da jarohat olgan fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatildi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, uch kishi sayr qilish maqsadida Bo‘stonliq tumani Burchmulla mahallasidagi “Qulosoy” sharsharasi yaqiniga borgan. Biroq ulardan biri ehtiyotsizligi oqibatida chap oyog‘idan jarohat olgan. So‘ngra fuqarolar Toshkent viloyati FVBga yordam zarurligi to‘g‘risida xabar bergan.

Chimyon yong‘in-qutqaruv otryadi va Bo‘stonliq tumani FVBning bir guruh qutqaruvchilari aytilgan manzilga yetib borgan va jarohat olgan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, ular dengiz sathidan 1800 metr balandlikdan xavfsiz hududga olib tushilib, jarohat olgan kishi tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.

Fuqaroning umumiy ahvoli yaxshi bo‘lganligi sababli shifokorlar tomonidan yashash uyiga ruxsat berilgan, deyiladi xabarda.