Yevropa Ittifoqi Gruziyaning ittifoqqa qo‘shilish jarayonini to‘xtatdi, deya ma’lum qildi 9-iyul kuni YeIning Gruziyadagi elchisi Pavel Gerchinskiy. Uning so‘zlarini Gruziyaning “Birinchi” kanali keltirmoqda.

“Afsuski, ayni paytda Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayoni to‘xtatildi. Bu haqiqatan ham qayg‘uli va hafsalani pir qiladi, chunki biz boshqa nomzod mamlakatlar bilan birga taraqqiyotga erishmoqdamiz. Ma’lumki, ushbu qaror qabul qilingan kunning ertasiga Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldovaning qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Umid qilamanki, Gruziyada saylovlar o‘tgach, oktabr oyidan so‘ng, yangi hukumat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lida yana jiddiy ishlarni boshlaydi”, — dedi u.

Pavel Gerchinskiy.Pavel Gerchinskiy.

Elchining ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi yetakchilari 27-iyun kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Gruziyaning qo‘shilish jarayonini to‘xtatishga qaror qilgan.

Qarorda aytilishicha, Yevropa kengashi “Gruziyadagi yaqinda ro‘y bergan voqealar, xususan, “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi munosabati bilan jiddiy xavotir bildiradi, bu komissiyaning nomzod maqomini berish to‘g‘risidagi tavsiyasida ko‘rsatilgan qadamlardan chekinishdir”.

“Yevropa kengashi Gruziya rasmiylarini o‘z niyatlarini aniqlashtirishga va Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lini xavf ostiga qo‘yadigan va de fakto a’zo bo‘lish jarayonini to‘xtatadigan hozirgi harakat yo‘nalishini bekor qilishga chaqiradi”, — deyilgan qarorda.

Yevropa kengashi, shuningdek, Gruziya hukumatini “fuqarolik jamiyati vakillari, siyosiy yetakchilar, fuqarolik faollari va jurnalistlarga qarshi kuchayib borayotgan qo‘rqitish, tahdid va jismoniy hujumlarga chek qo‘yishga”, Tbilisini bo‘lsa “kuzgi parlament saylovlari (26-oktabrda o‘tkaziladi — tahr.) erkin va adolatli o‘tishini ta’minlashga” chaqirgan.

Qarorda qayd etilishicha, Yevropa kengashi “Gruziyaning hududiy yaxlitligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi”, shuningdek, “gruzin xalqi bilan sobit birdamligini va gruzinlarni Yevropa kelajagi yo‘lida qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini e’lon qiladi”.

Yevropa Ittifoqining Gruziyadagi elchisi jurnalistlarga “xorijiy agentlar” to‘g‘risida qabul qilingan qonundan tashqari, “G‘arbga qarshi, Yevropaga qarshi ritorika Gruziyaning YeIga qo‘shilish maqsadiga mutlaqo mos kelmaydi”, dedi.

2023-yil 14-dekabrda Yevropa kengashi Gruziyaga Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod maqomini bergandi. Shu bilan birga, Yevropa kengashi Ukraina va Moldova bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilgan.

  • “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi mashhur qonun “Gruziya orzusi” tashabbusi bilan may oyining o‘rtalarida Gruziya parlamenti tomonidan qabul qilingandi. Hujjat mamlakatda ommaviy noroziliklar keltirib chiqargan, shuningdek, AQSh va Yevropa Ittifoqining tanqidiga sabab bo‘lgan. Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qonunga veto qo‘ygan, biroq parlament ko‘pchilik ovoz bilan uni bekor qilishga muvaffaq bo‘lgandi.
  • Qonun moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oladigan NNT va OAVni “xorijiy davlat manfaatlarini ilgari suruvchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi. Muxolifat vakillari va mahalliy OAV ushbu hujjatni Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunchiligiga o‘xshashligi uchun “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun deb atamoqda. Ularning ta’kidlashicha, qonun Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning YeIga qo‘shilish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishga urinish hisoblanadi.
  • 23-may kuni AQSh Davlat departamenti ushbu qonunning qabul qilinishiga javoban Gruziyaga nisbatan viza cheklash siyosatini joriy qilayotganini e’lon qilgandi. Departament bayonotida aytilishicha, cheklovlar Gruziyadagi “demokratiyaga putur yetkazish”da aybdor bo‘lganlar yoki ularning sheriklari hamda oila a’zolariga nisbatan qo‘llanadi.
  • Ayrim YeI davlatlari ham “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi” qonun tufayli Gruziyaga qarshi sanksiyalar kiritish haqida o‘ylagan. Ehtimoliy variantlar orasida Gruziya fuqarolari uchun YeIda vizasiz rejimni bekor qilish (2017-yildan beri amalda), maqsadli sanksiyalar va YeI fondlari mablag‘larini muzlatish bor.