Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xalq deputatlari kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi hamda viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligini nazarda tutuvchi yangi norma o‘z aksini topgan.

Shu bilan birga, yangi konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda hokim va mahalliy kengash raisi lavozimlari ajratilayotgani amaldagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlar chiqilgan qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hokimlar hamda mahalliy kengashlarning vakolatlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • mahalliy kengashlar faoliyatiga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi;
  • Xalq deputatlari kengashi raisi o‘z vazifalarini bajarish davrida doimiy va boshqa komissiyalar, partiya guruhlari tarkibiga kirishi mumkin emasligi;
  • kengashlar yig‘ilishlarida hokim nomzodi ko‘rib chiqilayotganida nomzod mahalliy kengash deputatlariga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi shartligi;
  • mahalliy kengash va hokim qabul qiladigan hujjatlar Yagona elektron tizimda (e-qaror.gov.uz) ro‘yxatdan o‘tkazilishi va tizimga joylashtirilishi, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlarning haqiqiy emas deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.