8-iyul kuni Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani IIB katta inspektori halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, soat 19:00 da tuman IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi katta inspektori E.P. 1966-yilda tug‘ilgan haydovchi S.B. boshqaruvidagi Lacetti avtomashinani to‘xtatgan, bunga yuqori tezlik sabab bo‘lgan.

Kun.uz nashrining aniqlik kiritishicha, haydovchi mast holda bo‘lgan. U mashinadan tushib qochishga uringan hamda uni ta’qib qilgan inspektorga tashlangan, so‘ng yonida bo‘lgan oshxona pichog‘ini inspektorga bir necha bor urib, jarohat yetkazgan hamda hodisa joyidan yashiringan.

Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, katta inspektor Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida vafot etgan.

Holat yuzasidan 9-iyul kuni tuman prokuraturasi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi va 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.