Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli iyun oyi oxirida O‘zbekistondagi missiyasini yakunladi. So‘nggi to‘rt yil davomida u Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik mamlakat dasturlaridan biriga rahbarlik qildi. O‘z faoliyatini yakunlash oldidan “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida O‘zbekistonda qaysi sohalarni isloh qilish eng ustuvor ahamiyatga ega ekanligi, barqaror ish o‘rinlari yaratishda xususiylashtirishning roli va xususiy monopoliyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur chora-tadbirlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, u davlat organlari o‘rtasida milliy siyosatni muvofiqlashtirishning zaruratiga to‘xtalib, mamlakatni bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini oxiriga yetkazishga chaqirdi.

Video

Matn versiyasi (qisqartirilgan shaklda)

— Marhamat qilib, Jahon bankining vakolatlari to‘g‘risida qisqacha gapirib o‘tsangiz.

— Jahon banki eng keksa va eng yirik xalqaro moliya instituti hisoblanadi. U qariyb 80 yil oldin, Ikkinchi Jahon urushidan keyingi Yevropa va Yaponiyani qayta tiklashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Ushbu urushdan talofat ko‘rgan vatanim Italiya ham Jahon banki ko‘magi bilan qayta tiklangan iqtisodiyotlar sirasiga kiradi.

Bugungi kunda Jahon banki guruhi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun dunyodagi eng yirik moliyalashtirish va ixtisoslashtirilgan bilim manbalaridan biri hisoblanadi. Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi beshta tashkilot, shu jumladan, Jahon bankining o‘zi ham ushbu mamlakatlarda qashshoqlikni kamaytirish, aholi farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish maqsadida faoliyat olib boradi.

Jahon bankiga 189 ta davlat a’zo. O‘zbekiston tashkilotga 1992-yilda qo‘shilgan. Tashkilot 140 ga yaqin mamlakatda, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida o‘z vakolatxonalariga ega.

Jahon banki 1947-yildan beri dunyoning turli burchaklarida iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy rivojlanishga qaratilgan 12 mingdan ortiq loyihalarni moliyalashtirdi. 2023-yilda bank mamlakatlarga qashshoqlikka qarshi kurash, milliy iqtisodiyotlarini rivojlantirish va fuqarolari farovonligini oshirish borasidagi sa’y-harakatlariga ko‘maklashib, imtiyozli qarz mablag‘lari, kreditlar va grantlar shaklida 73 mlrd dollarga yaqin mablag‘ ajratdi.

— Siz to‘rt yil davomida O‘zbekistonda bo‘ldingiz va shu davrda muayyan o‘zgarishlarning guvohiga aylandingiz. Shular orasidan jamiyat va iqtisodiyot taraqqiyotiga, sizning fikringizcha, sezilarli ta’sir ko‘rsatganlarini sanab o‘ta olasizmi?

— Mamlakat hayoti haqidagi tasavvurim, shubhasiz, Jahon bankining O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq. Bank bu yerda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida hukumatning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yirik mamlakat dasturini amalga oshirayotganidan faxrlanamiz. So‘nggi bir necha yil ichida mamlakat, mening nazarimda, sezilarli o‘sishni qayd etgan bir qator sohalarni sanab o‘tishim mumkin.

2020-yilda, O‘zbekistonga endigina kelgan vaqtimda, paxta mahsulotingiz 300 dan ortiq xalqaro brend va riteylerlar tomonidan boykot qilingan edi. Sababi hammamizga ma’lum — paxta terimi mavsumida davlat tizimli ravishda majburiy mehnatdan foydalanib kelgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mutasaddilar tomonidan har yili 2 mln nafar bola va 500 ming nafar katta yoshlilar paxta terimiga jalb qilingan.

2017-yilda hukumat o‘tmishning bunday sarqitlariga barham berish yo‘lida kuchli siyosiy iroda ko‘rsatishini ma’lum qildi. Jahon banki hukumat, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan hamkorlikda paxtachilik sohasida majburiy mehnatga qarshi kurashga mamnuniyat bilan hissa qo‘shdi.

2015-yilda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan paxtachilik sohasida majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlarni monitoring qilish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Bu tashabbus Yevropa Ittifoqi hamda AQSh, Shveysariya va Germaniya hukumatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Jahon banki, shuningdek, paxtachilik sohasida majburiy mehnatdan foydalanishning asosiy sabablarini bartaraf etishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda hukumatga moliyaviy va konsultativ ko‘mak berdi. Bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida paxtachilik sohasi va paxta yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarini boshqarishda davlatning ustuvor rolini qisqartirishga xizmat qilgan qator islohotlarni amalga oshirish imkonini berdi.

Bu islohotlar fermerlarga paxta xomashyosi uchun to‘lanadigan narxlarning oshishiga olib keldi, paxtachilikda xususiy sektorning yanada kengroq ishtiroki uchun imkoniyatlarni oshirdi, paxta yetishtirishda hosildorlikni kuchaytirdi, yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga zamin yaratdi.

2022-yil mart oyida XMT 2021-yilgi paxta terimiga jalb qilinganlarning 99 foizi ixtiyoriy ravishda mehnat qilgani va o‘zbek paxtasi endilikda tizimli majburiy va bolalar mehnatidan xoli ekanligini tasdiqladi. Bu xulosalar ommaga e’lon qilinganidan so‘ng o‘zbek paxtasi mahsulotlariga xalqaro boykot bekor qilindi.

Boykotning bekor qilinishi ortidan to‘qimachilik sohasi butun mamlakat bo‘ylab yuz minglab odamlarni ish bilan ta’minladi, ulkan mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qildi, tayyor mahsulotlar eksportiga hissa qo‘shdi. Shunday qilib, soha O‘zbekiston iqtisodiyotining harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylandi.

So‘nggi yillarda mamlakatda barqaror o‘sish kuzatilayotgan sohalarga yana bir misol — maktabgacha ta’lim va oliy ta’limda qamrov darajasining o‘sishidir. Bu nima uchun muhim? Эрta ta’limga investitsiya kiritish inson hayotini o‘zgartiradi. Inson butun umri davomida ilm oladi va bu investitsiya katta foyda keltiradi. Qanchalik ko‘p odamlar oliy ma’lumotga ega bo‘lsa, zamonaviy iqtisodiyotda ish o‘rinlari shunchalik ko‘p bo‘ladi. Har ikkala holatda ham qamrov darajasi sezilarli o‘sganiga guvoh bo‘ldik. 2017-yilda maktabgacha ta’limda qamrov darajasi 30 foizdan kamroqni tashkil etgan. Maktabgacha ta’limga davlat tomonidan ajratilgan investitsiyalar sharofati bilan 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 75 foizdan oshdi. Biz hukumatning 2030-yilgacha maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni 100% qamrab olishga erishish rejalarini olqishlaymiz.

Ushbu soha rivojiga butun mamlakat bo‘ylab millionlab o‘g‘il-qizlarning maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali Jahon banki ham o‘z hissasini qo‘shdi. Shuningdek, biz hukumat organlariga maktabgacha ta’lim sifati, o‘qitish uslublari va ta’lim sohasidagi islohotlarning o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga ta’sirini baholashni takomillashtirishga qaratilgan davlat siyosatini ishlab chiqishda texnik yordam ko‘rsatmoqdamiz.

Endi ta’lim sifati haqida bosh qotirish kerak bo‘ladi. Qamrov darajasi o‘sib borayotgan ekan, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishingiz lozim.

Nihoyat, O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtimda qayta tiklanadigan energiya sohasidagi transformatsion o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldim va bu o‘zgarishlar mamlakatni Markaziy Osiyoda ushbu sohadagi yetakchi davlatga aylantirdi. 2019-yilda hukumat qayta tiklanadigan energiya sohasini xususiy investitsiyalar uchun ochdi. Davlat-xususiy sheriklik asosida quyosh energiyasi sohasidagi loyihani amalga oshirish bo‘yicha ilk shaffof tender o‘tkazildi.

Navoiy viloyatida Masdar (BAA) kompaniyasi tomonidan 100 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasining qurilishi ushbu ilk innovatsion loyihaning natijasi bo‘ldi. Kompaniya hukumatga o‘sha vaqtda quyosh energiyasi uchun Markaziy Osiyodagi eng past tarifni taklif qilgan edi. Stansiya 2021-yilda xalqaro investorlar, jumladan, Jahon banki va Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) moliyaviy ko‘magida foydalanishga topshirildi.

Mazkur loyiha “yopiq eshiklar” ortidagi kelishuvlardan farqli tanlov asosida shaffof tenderlar o‘tkazishning qay darajada samarador ekanligini ko‘rsatib berdi va nufuzli xalqaro investorlarni jalb qildi.

Infratuzilmadagi kamchiliklarni faqatgina davlat investitsiyalari hisobidan tuzatib bo‘lmasligini tushunish juda muhim. Xususiy sektorni jalb qilish lozim. Biroq, ayni paytda, eng past narxga erishish uchun raqobat asosida va davlat o‘zini g‘irrom ishtirokchilardan himoya qilishi uchun shaffof holda [jalb qilinishi kerak].

2019-yildan buyon Jahon banki va IFC ko‘magida O‘zbekiston respublikaning bir qator hududlarida umumiy ishlab chiqarish quvvati 1,3 GVt bo‘lgan to‘rtta quyosh elektr stansiyasi va bitta shamol stansiyasini ishga tushirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qildi.

2024-yil may oyida Jahon banki guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yangi loyiha ishga tushirildi. Loyihada Buxoro viloyatida 63 MVt quvvatga ega akkumulyator energiya saqlash tizimli 250 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurish va foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan (bu Markaziy Osiyoda bunday turdagi ilk elektrostansiya hisoblanadi). Stansiya 75 mingga yaqin xonadonni ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

жаҳон banki, интyerвью, марко мантоvaнелли

— O‘zbekistondagi faoliyatingiz davomida Jahon bankining mamlakat dasturi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturlardan biriga aylandi. Ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?

— Darhaqiqat, O‘zbekistondagi mamlakat dasturi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida Turkiya va Ukrainadan keyin eng yirik dastur hisoblanadi. 2017-yildan buyon Jahon bankining O‘zbekistonga moliyaviy-tahliliy yordami uch baravar oshdi. Bugungi kunda mamlakatdagi loyiha portfelimiz umumiy qiymati 6 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 27 ta loyihadan iborat bo‘lib, shundan 2,4 mlrd dollarga yaqini hali ishlab chiqish bosqichida.

Qayd etish joizki, ushbu mablag‘larning 3,78 mlrd dollari yoki bankning O‘zbekistonga kiritgan jami investitsiyasining 60 foizi hukumatga imtiyozli kreditlar ko‘rinishida taqdim etilgan. Ular mamlakatga juda past stavkada 30 yil muddatga, besh yillik imtiyozli davr bilan ajratilmoqda. Bular xalqaro moliya bozorlarida rivojlanayotgan mamlakatlar uchun mavjud bo‘lgan eng manfaatli kredit vositalari hisoblanadi.

2017-yildan buyon hukumat bilan yanada kuchli hamkorlik tufayli O‘zbekistondagi faolligimiz sezilarli darajada oshdi. Bu o‘sish prezident Shavkat Mirziyoyev milliy iqtisodiyotni transformatsiya qilish va mamlakatda kambag‘allik darajasini qisqartirish maqsadida boshlab bergan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kuchayganligi bilan izohlanadi.

Men tilga olib o‘tgan loyihalar hukumat tomonidan Jahon banki moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda hamda yirik makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarini modernizatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, ular qishloq xo‘jaligi, suv va yer resurslarini boshqarishni takomillashtirish, suv ta’minoti va kanalizatsiya, irrigatsiya, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim va aholini ijtimoiy himoya qilish sohalarini rivojlantirish imkonini bermoqda. Bu loyihalar shahar va qishloq infratuzilmasi, innovatsiyalar milliy tizimi, soliq, statistika, moliya va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.

Yaqindagina bank Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan keksa fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida amalga oshiriladigan 100 mln dollarlik qiymatga ega loyihani ma’qulladi.

O‘zbekistonda bank tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar portfeli hukumatga ko‘rsatilayotgan maslahat-tahliliy xizmatlar dasturini ham o‘z ichiga oladi. Uning doirasida kambag‘allikni qisqartirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya tizimlarini rivojlantirish sohasida milliy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Shuningdek, energetika, aviatsiya, soliq va bank tizimlarini isloh qilishda ham texnik yordam ko‘rsatilmoqda.

O‘ylashimcha, hukumatdagi hamkorlarimizdan o‘zaro hamkorligimizda nimani eng ko‘p qadrlashi haqida so‘rasangiz, ular bizning maslahat-tahliliy xizmatlarimiz keltiradigan foyda bank tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy resurslardan kam emasligini tasdiqlaydilar. Nima uchun? Mutaxassislarimiz tomonidan hukumat uchun tayyorlanayotgan analitik mahsulotlar boshqa mamlakatlar tajribasini o‘z ichiga oladi. Ular O‘zbekistonga ushbu mamlakatlarning turli sohalarda yo‘l qo‘ygan xatolarini takrorlamaslik, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajriba asosida turli sohalarda o‘z strategiyasini ishlab chiqish imkonini beradi.

— Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan yaqqol natija ko‘rsatgan loyihalarga aniq misollar keltira olasizmi?

— Hukumat tomonidan bank ko‘magida turli sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida erishilayotgan ijobiy natijalarga ko‘plab misollar keltirish mumkin. O‘zbekiston viloyatlariga xizmat safarlari chog‘ida shaxsan o‘zim guvoh bo‘lgan ayrimlarini sanab o‘tishim mumkin.

Birinchi navbatda, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining chekka tog‘li hududlarida joylashgan 306 ta qishloqning tayanch infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hukumat sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi loyiha xayolimga keldi.

Loyihaning o‘ziga xosligi shundaki, mazkur qishloqlar aholisi loyihani amalga oshirishda bevosita ishtirok etmoqda. Ular o‘z qishloqlarida qaysi eng zarur infratuzilma obyektlarini qurish yoki rekonstruksiya qilish kerakligini mustaqil hal qiladi, keyin esa bu jarayonlarni o‘zlari nazorat qiladi. Yo‘llar va ko‘priklar, elektr va suv ta’minoti tizimlari, shuningdek, maktablar va bolalar bog‘chalari shular jumlasidan.

Bugungi kunga qadar 430 ming aholi istiqomat qiladigan 297 ta qishloqda turli shakldagi qishloq infratuzilmasini yaxshilash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 5 ta tibbiyot muassasasi, 80 ga yaqin qishloq maktablari va bolalar bog‘chalari, 75 ta elektr ta’minoti obyekti, 127 ta suv ta’minoti obyekti, 136 ta ichki yo‘llar qurildi yoki rekonstruksiya qilindi.

2021-yilda Jizzax viloyatida joylashgan ana shunday qishloqlardan biriga tashrif buyurib, qishloq aholisi bilan uchrashdim. Birgalikda yangi maktab qurish uchun loyiha mablag‘laridan foydalanish masalasini muhokama qildik. Mavjud bir qavatli bino shu qadar achinarli ahvolda ediki, uni maktab deb atash qiyin. 2022-yil sentabr oyida Jahon bankining mintaqaviy vitse-prezidenti bilan birgalikda qishloq ahlini zamonaviy maktab binosi foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tabriklash maqsadida yana shu qishloqda bo‘ldim. Hozirda ushbu maktab nafaqat o‘quvchi va o‘qituvchilarga, balki qishloqning barcha aholisiga manfaat va quvonch ulashmoqda.

Janubiy Qoraqalpog‘istonda Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan loyiha mutasaddilarga mahalliy qishloq xo‘jaligi va mahalliy aholi farovonligi uchun zarur bo‘lgan 800 kilometrlik kanallar tarmog‘ini modernizatsiya qilish imkonini berdi. Bu chora-tadbirlar yiliga 300 million kub metrgacha suvni tejashga xizmat qiladi. Endilikda 64 ming iste’molchi va 100 ming gektar sug‘oriladigan yerlar yaxshilangan irrigatsiya xizmatidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi, bu esa ularning hosildorligi va unumdorligini oshiradi.

Buxoro va Samarqand shaharlarida 500 mingga yaqin aholi mahalliy oqova suvlarni tozalash inshootlari tomonidan taqdim etilayotgan yaxshilangan kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanmoqda. Ular biz tomonimizdan moliyalashtirilgan boshqa bir loyiha doirasida modernizatsiya qilindi. Bu xizmatlar nafaqat mahalliy aholi ehtiyojlarini qondirish, balki tarixiy shaharlaringizga ko‘proq xorijiy sayyohlarni jalb etishda ham muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlashimizni yuqorida aytib o‘tdim. Mana aniq misol: Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan va Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha mamlakat bo‘ylab qishloq va shaharlardagi 6200 ta bolalar bog‘chalarida ta’lim sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Bunga ularni tarbiyalanuvchilar ehtiyojlari uchun zamonaviy jihoz va mebellar, o‘quv-uslubiy materiallar, o‘yinchoqlar, o‘yin maydonchalari, kompyuter texnikasi bilan ta’minlash orqali erishilmoqda.

Bu — mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadlarga erishish yo‘lida mutasaddi idoralar tomonidan bizning ko‘magimizda amalga oshirilayotgan ko‘plab loyihalarning bir nechtasi ortidan erishilgan natijalardir.

— Jahon banki hukumat islohotlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Kambag‘allikni qisqartirish mazkur islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Jahon banki ekspertlari tomonidan yaqinda e’lon qilingan blogpostda O‘zbekistonda 2022-yilda kambag‘allik darajasi 2015-yilga nisbatan sezilarli darajada pasaygani qayd etilgan. Ushbu tendensiyani davom ettirish uchun hukumat kelgusida qanday chora-tadbirlarni amalga oshirishi zarur?

— O‘zbekistonda 2017-yildan buyon amalga oshirilgan bozor islohotlari barqaror iqtisodiy o‘sishga olib keldi. [Mamlakat iqtisodiyoti] yetarlicha barqarorlashdi hamda so‘nggi yillarda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa mamlakatlarga qaraganda jadalroq kengayishda davom etmoqda.

Albatta, iqtisodiy o‘sish kambag‘allikni qisqartirishda muayyan yutuqlarga erishish imkonini berdi. Milliy kambag‘allik chegarasidan foydalangan holda xulosa qilinsa, kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2022-yilda 14 foizgacha qisqardi. 2023-yilda ko‘rsatkich 11 foizgacha pasaydi. Bu 2021−2023-yillarda mamlakatdagi kambag‘allar soni qariyb 1,5 million nafarga qisqarganini anglatadi.

2026-yilga borib kambag‘allikni ikki baravarga — 7 foizgacha qisqartirish va 2030-yilga borib aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 2022-yildagi 2255 dollardan 4096 dollardan ziyodga oshgani holda, mamlakat o‘rtadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo‘shilishi uchun hukumat ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni davom ettirish zarur.

Bularning barchasi mamlakat o‘zining asosiy maqsadlaridan biri — kambag‘allikni ikki baravar qisqartirish yo‘lidan borayotganidan dalolat beradi. Biroq, bunga haqiqatda erishish va uni barqaror tarzda amalga oshirish uchun qilinishi zarur bo‘lgan yana bir vazifa mavjud. Bugungi kunga kelib kambag‘allik darajasi asosan ish haqining oshishi, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini modernizatsiya qilish (ijtimoiy transfertlar) va pul o‘tkazmalari hisobiga qisqardi. Xorijdan pul o‘tkazmalari odatda eng kam ta’minlangan oilalar budjetiga kelib tushadi.

Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yo‘nalishdagi maqsadlariga erishish uchun O‘zbekiston aholi jon boshiga daromadlar o‘sishini yiliga 9−10 foizgacha jadallashtirishi kerak bo‘ladi. Bu iqtisodiy o‘sish tarixidagi eng tez sur’atlardan biri bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi (15−64 yosh) aholi soni keyingi 10 yil ichida yiliga taxminan 300 ming kishiga ko‘payishi prognoz qilinmoqda. Hozirgi kunda mehnatga layoqatli yoshdagi kambag‘allarning atigi uchdan bir qismi ish o‘rniga ega. Hatto ish bilan ta’minlangan taqdirda ham, ularning ishi norasmiy, kam maoshli va barqaror emas.

Shunday qilib, islohotlarning keyingi bosqichi yanada ko‘proq barqaror ish o‘rinlari yaratishga qodir dinamik xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilishi kerak. Agar mamlakat kambag‘allikni qisqartirish va o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlar guruhiga kirish bo‘yicha o‘z maqsadlariga erishish istagida bo‘lsa, ish o‘rinlarini ko‘paytirish uning ustuvor yo‘nalishiga aylanishi lozim. Shuningdek, bizga ayollar va kambag‘allik nisbatan dolzarb hisoblangan qishloq joylarini qamrab oladigan ko‘proq ish o‘rinlari zarur.

Kambag‘allikka qarshi kurashdagi hayratlanarli muvaffaqiyatlarga butun dunyoda tengsizlikning kuchayishi kuzatilayotgan bir vaqtda erishildi. Aholining eng boy qatlamlari daromadlari eng kambag‘allarning daromadlariga qaraganda jadalroq o‘sib bormoqda. Ko‘plab mamlakatlarda shunday bo‘lmoqda. Kelgusida bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun norasmiy iqtisodiyotdagilarni rasmiy iqtisodiyotga o‘tkazish va xususiy sektorda ko‘proq ish o‘rinlarini yaratish talab etiladi. Bu “pastdan yuqoriga” tamoyili bo‘yicha o‘sishga yordam beradi va shu orqali mamlakatda tengsizlik o‘sishining oldini olishga imkon yaratiladi.

жаҳон banki, интyerвью, марко мантоvaнелли

— Barqaror iqtisodiy o‘sishni e’tibor qaratish kerak bo‘lgan yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etdingiz. Bunga qanday erishish mumkin?

— O‘zbekistonning 2017-yildan buyon erishgan o‘sishi va yutuqlarini e’tirof etamiz. Biroq, bugungi kunda mamlakat o‘z iqtisodiy rivojlanishining yanada murakkab bosqichiga kirib bormoqda. Nima uchun? Iqtisodiyotda o‘zining ustun mavqeyini saqlab qolayotgan davlatning rolini tubdan qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi.

O‘zbekiston milliy iqtisodiyotida davlat korxonalarining ustun roli saqlanib qolmoqda. Ularning 80 foizi iqtisodiyotning xususiy sektor faoliyat ko‘rsatishi zarur bo‘lgan raqobatbardosh tarmoqlarida faoliyat olib bormoqda. Tahlillarimiz shuni ko‘rsatadiki, davlat korxonalari nafaqat samaradorligi past, balki ayrim tarmoqlarda ularning mavjudligining o‘zi butun boshli iqtisodiyotda samaradorlikni pasaytiradi.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, xususiy sektorning rolini kuchaytirmasdan turib, 9−10 foizlik yillik iqtisodiy o‘sishni ta’minlab bo‘lmaydi. Albatta, davlat sektori ham iqtisodiy o‘sish, ish o‘rinlari va soliq tushumlarini ta’minlaydi, biroq davlat korxonalari samarasiz bo‘lgan sharoitda bu qimmatga tushadi.

Shunday tarmoqlar borki, mutasaddilar tomonidan davlat korxonalariga bank moliyalashtirishi, yer va boshqa resurslardan imtiyozli foydalanish imkoniyati taqdim etiladi. Biroq, bu xarajatlar soliq to‘lovchilar mablag‘lari hisobidan subsidiyalanadi. Bundan tashqari, bu yondashuv, davlat korxonalaridan farqli o‘laroq, tegishli resurslardan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan xususiy firma va kompaniyalarning imkoniyatlarini qisqartiradi. O‘z navbatida, ular o‘zlarining rivojlanishiga investitsiya kirita olmaydi.

Islohotlarning maqsadi davlat sektori faoliyatiga butunlay chek qo‘yish emas, balki uning eng samarali tarkibiy qismlarini saqlab qolish va davlatning mavjudligi maqsadga muvofiq bo‘lmagan tarmoqlardan chiqib ketishini ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim. Ana shunda xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun makon yaratiladi. Biroq, albatta, yirik davlat korxonalarini modernizatsiya qilish va xususiylashtirish og‘riqli jarayon bo‘lishi mumkin.

Yana bir muhim yo‘nalish — bu investitsiyalarni jalb qilish. Mamlakatingizning xorijiy investorlar uchun jozibadorligi tobora ortib bormoqda, biroq ularning kirib kelishiga to‘sqinlik qilayotgan muayyan muammolar haligacha saqlanib qolmoqda. Jumladan, bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoitlarga ega ishbilarmonlik muhitini yaratish zarur. Investor davlat korxonalari bilan raqobatlashgan taqdirda uning huquq va manfaatlari himoya qilinishi, kamsitilmasligi to‘g‘risida kafolatlar olishi shart.

Prezident Mirziyoyev O‘zbekistondagi islohotlarni ortga qaytmas harakterga ega ekanligi va mamlakat avvalgi iqtisodiy modelga qaytmasligini bot-bot takrorlaydi. Demak, davlatning iqtisodiyotdagi ustunligini kamaytirish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun keng maydon yaratish orqali oldinga siljish va boshlangan o‘zgarishlarni yakuniga yetkazish lozim.

O‘zbekistonda davlatning ustuvor roliga asoslangan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tishni ta’minlash uchun islohotlar chuqurroq tizimli xarakter kasb etishi zarur. Aks holda, mamlakat o‘tish davrida qotib qolishi xavfi mavjud. Bu maqsadni amalga oshirish uchun O‘zbekiston murakkab, lekin kelgusida o‘z mevasini beradigan g‘oyatda muhim makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

— O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. Bu jarayon siz tilga olib o‘tgan o‘zgarishlarni tezlashtirishi mumkinmi?

— JSTga a’zo bo‘lish nafaqat yangi eksport bozorlariga chiqish, balki milliy iqtisodiyot tarmoqlarida samaradorlikni oshirish, mahalliy tovar va xizmatlar ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshlik salohiyatini kuchaytirish orqali iqtisodiyotga sezilarli foyda keltiruvchi ulkan imkoniyatlarni ochib beradi.

JSTga a’zolikka tayyorgarlik bilan bog‘liq islohotlar tovarlar savdosini liberallashtirish bilan cheklanib qolmaydi. Ular, shuningdek, xizmatlar sohasi, investitsiyalarni jalb qilish masalalarida liberallashuv, intellektual mulkni himoya qilish hamda davlat xaridlari jarayonlarini takomillashtirish masalalarini ham qamrab oladi.

Boshqa mamlakatlar misollari JSTga a’zolik va iqtisodiy o‘sishning jadallashuvi va xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi o‘rtasida ijobiy bog‘liqlik mavjud ekanligini ko‘rsatadi. Tahlillarimiz shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda tovar va xizmatlar erkin savdosi, prognozlarga ko‘ra, milliy iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning natijasida mamlakatda real YAIM 10 foizdan ziyodga ortishi mumkin.

жаҳон banki, интyerвью, марко мантоvaнелли

— Jahon bankining yaqinda e’lon qilgan prognozida qayd etilishicha, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish asosan tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususan, davlat korxonalarini tarkibiy o‘zgartirish va davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Ushbu jarayonlarni amalga oshirishda nimani e’tiborga olish kerak? O‘zbekiston davlat monopoliyasi xususiy monopoliyaga aylanishi, natijada eng muhim sanoat tarmoqlari oligarxlar qo‘liga o‘tib ketishi mumkin bo‘lgan vaziyatning qanday oldini olishi mumkin?

— Xususiy monopoliyalar davlatnikidan ancha yomonroq bo‘lishi mumkin, shuning uchun voqealar bunday rivojlanishining oldini olish juda muhim. Shu kabi jarayonlarni boshdan kechirgan boshqa mamlakatlar tajribasidan saboq olish mumkin. Masalan, Polsha bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida bunday salbiy ssenariydan muvaffaqiyatli qutula oldi.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, davlat korxonalarini o‘zgartirish jarayoni — murakkab jarayon. Bu uzoq yillik iqtisodiy va siyosiy aloqalarni uzish va yangilarini yaratishni nazarda tutadi. Ushbu jarayonni davom ettirish uchun sizga kelajakni ko‘ra bilish, qat’iyat zarur. Ushbu o‘zgarish hukumatdan jarayonni yakuniga yetkazish va tegishli shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qat’iy majburiyatlarni talab qiladi.

Birinchidan, davlat korxonalari o‘z tarmoqlarida maksimal samaradorlik bilan ishlashini kafolatlash uchun hukumat ularni modernizatsiya qilishi lozim. Ular samarali bo‘lishi va davlat banklari tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy imtiyozlarga yoki ularga foyda olishlarini osonlashtirishadigan siyosiy yordamga tayanmasligi zarur. Ular xususiy firma va kompaniyalar bilan adolatli raqobatlasha olishlari kerak. Agar ular bunga layoqatli bo‘lsalar, bu ularning samaradorligining tasdig‘i hisoblanadi.

Ikkinchidan, agar hukumat ushbu davlat korxonalarini sotishga qaror qilsa, ular mamlakat uchun juda katta foyda keltiradi. Bunga, jumladan, korporativ boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish orqali erishish mumkin. Masalan, davlat korxonalari rahbariyati hisobot beradigan mustaqil boshqaruv kengashlarini tashkil etish orqali. Ideal holda, bu kengashlar operatsion faoliyat uchun mas’ul top-menejerlarni tayinlashi kerak. Ular ushbu davlat korxonasi faoliyati bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash uchun boshqaruv kengashiga muntazam ravishda hisobot taqdim etishi shart.

Uchinchidan, davlat korxonalariga adolatsiz imtiyoz va afzalliklar beruvchi me’yorlarni bekor qilib, davlat monopoliyalari tuzilmasini qaytadan tuzish lozim. Hukumatni davlat korxonalaridan ajratish uchun mustaqil nazorat qiluvchi organlar tashkil etilishi kerak.

Xususiy sektor davlat korxonalariga qaraganda yaxshiroq natijalarga erishishi mumkin bo‘lgan raqobatbardosh tarmoqlarda davlat korxonalarini jadal xususiylashtirishdan mamlakat yutadi. Bundan tashqari, davlat korxonalarini xususiylashtirishning aniq muddatlarini belgilash va davlat aktivlarini sotish jarayonlarida shaffoflikni oshirish muhim ahamiyatga ega.

Biz barcha davlat korxonalarini tugatish kerak, demaymiz. Tabiiy monopoliya hisoblanuvchi yoki milliy xavfsizlik uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda davlatning investor sifatidagi rolini saqlab qolish tarafdorimiz. Boshqa tarmoqlarda eng kam xarajat evaziga sifatliroq xizmatlarga ega bo‘lish va ko‘proq innovatsiyalarni joriy qilish uchun xususiy sektorga raqobat qilishiga ruxsat berilishi kerak. Bu dengizga chiqa olmaydigan mamlakat uchun juda muhim.

— O‘zbekiston taraqqiyoti uchun yana qanday xavf-xatarlar alohida e’tibor qaratishni talab qiladi va ularni qanday qilib yumshatish mumkin?

— Biz og‘ir davrni boshdan kechiryapmiz va har qanday davlat, jumladan, O‘zbekiston ham ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ularga, jumladan, mumkin bo‘lgan iqtisodiy va ekologik zarbalarga tayyor bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Noaniqlik — bu yangi o‘yin qoidasi.

Xatarlardan biri iqlim o‘zgarishi masalalari hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatlari O‘zbekiston aholisi farovonligiga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. 2030-yilga kelib, mamlakat bo‘ylab shahar va qishloqlarda kamida 8 million kishi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatar juda yuqori bo‘lgan hududlarda istiqomat qilishi kutilmoqda. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishlariga moslashish choralari ko‘rilmagan taqdirda, 2050-yilga kelib milliy iqtisodiyot hajmi iqlim o‘zgarishi ta’sirisiz bo‘lganidan 10 foizga kichikroq bo‘ladi. Bu aholi bandligi va uy xo‘jaliklari daromadining sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi.

O‘zbekiston dunyodagi energiya va resurslar eng ko‘p iste’mol qilinadigan davlatlardan biridir. O‘zbekistonda, ayniqsa, suvdan samarasiz foydalanilmoqda, mamlakatda YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi esa Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan taxminan 3 barobar, qo‘shni Qozog‘istondan esa 2 baravar yuqori. Tabiiy resurslardan samaraliroq foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirishni davom ettirish zarur.

жаҳон banki, интyerвью, марко мантоvaнелли

— So‘nggi to‘rt yil davomida O‘zbekistonning turli davlat muassasalari va ekspertlari bilan yaqin hamkorlik bo‘yicha tajribangizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, taraqqiyotning hozirgi bosqichida O‘zbekiston uchun eng zaruri nima? Malakali mutaxassislarmi, siyosiy irodami yoki texnologiyami?

— Savolingizga javob berish uchun O‘zbekistondagi faoliyatim davomida meni eng qiziqtirgan va tashvishga solgan bir jihatni keltirib o‘taman. Eng qiziq jihat — hukumatdagi hamkasblarimiz, qolaversa, fuqarolik jamiyatining ham ko‘proq narsa bilish, ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish, ilg‘or tajribalarni qo‘llash, kun tartibidagi masalalarni ulkan maqsadlar bilan olg‘a surishga bo‘lgan samimiy qiziqishi. Buni boshqa ko‘plab mamlakatlarda uchratmaysiz. Boshqa mamlakatlarda eshikni taqillatish va “Buni qilish sizga qiziqmi?” deb so‘rash kerak. Bu yerda esa aksincha, “Buni qilishga yordam bera olasizmi?” deb so‘rashadi. Umid qilamanki, siz bu sifatni yo‘qotmaysiz.

Tashvishga soladigan jihati shundaki, bu juda ko‘p mehnat talab qiladigan jarayon orqali sodir bo‘ladi, degan bo‘lardim. Sizda hali ham institutsional salohiyat bilan bog‘liq muammolar mavjud. Ko‘pincha bir nechta muassasalardan bir xil so‘rovlar olamiz. Birinchi bo‘lib kimga va nima kerakligini tushunish biz uchun juda qiyin. Turli institutsional idoralarda milliy siyosatni muvofiqlashtirish murakkab vazifaligicha qolmoqda. Bu boradagi ishlarni takomillashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

Ko‘nikmalarning mos kelmasligi muammosi ham mavjud. Sizda a’lo darajadagi ko‘nikmalarga ega mutaxassislar bor. Davlat boshqaruvida ular bir necha joylarda jamlangan. O‘rta yoki markazlashtirilgan bo‘g‘inda esa ular xuddi shunday sifatga javob bermaydi. Qanday qilib bularning barchasini resurslarni yo‘qotmagan holda yangi bosqichga olib chiqish mumkin? Chunki shunday muammo mavjudki, siz odamlarni o‘qitasiz, keyin ular xususiy sektorga o‘tib ketadi yoki chet elga ketadi. Shunday ekan, malakali kadrlarni saqlab qolish yana bir katta muammo.

Uchinchidan, ishlab chiqarish siklida ham, qaror qabul qilish jarayonida ham to‘laqonli inklyuzivlikni qayd etgan bo‘lardim. Ayollarning o‘rni ilgarigidek juda kam. Vaziyat, albatta, sezilarli darajada yaxshilandi. Biroq, O‘zbekiston ayollarning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi salmog‘ini oshirmasdan turib o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlar darajasiga chiqa olmaydi.

— Qaror qabul qilish jarayonida siyosatchilar resurslar yetishmasligi muammosiga duch kelishadi. Shuning uchun ular muayyan sohaga ko‘proq ustuvorlik berishga majbur bo‘lishadi. Sizningcha, hozir mamlakat uchun qaysi islohot eng muhim va uni kechiktirmaslik zarur?

— Bunday tarzda qaror qabul qilish jarayonlari haqida gap ketganda, men dalillarga asoslangan siyosatni ishlab chiqish davom etishi va kengaytirilishi kerakligini ta’kidlagan bo‘lar edim. Sizlarda ko‘p narsa intuitsiyaga asoslanib hal qilinadi — “bu hududga emas, mana bunisiga investitsiya kiritish o‘zini oqlaydi”. Biroq buning uchun ma’lumotlar kerak. U yoki bu hududga investitsiya kiritish, u yoki bu sohaga investitsiya kiritish, maktabni ko‘chaning u yoki bu tomonida qurishning qiyosiy afzalliklarini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar. Ana shunday yondashuvni kuchaytirish kerak. Bu ustuvor vazifa.

Asosiy muammolarni hal qilish, iqlim o‘zgarishi, raqamlashtirish yo‘lida kuchlarni birlashtirish uchun sektorlar o‘rtasida kuchli institutsional muvofiqlashtirish zarur. Bu jarayonlarga taalluqli.

Nima qilish kerakligiga kelsak, asosiy fikrimni yana takrorlayman: ko‘p narsaga erishildi, biroq o‘tish hali yakuniga yetmadi. O‘zbekiston o‘tish davrida bu holatda qotib qolgan davlatga aylanmasligi kerak. Bu sakrashni yakuniga yetkazish uchun davlatning iqtisodiyotdagi rolini isloh qilish lozim. Davlat xususiy sektorni jalb qilish uchun kamroq darajada investor va ko‘proq vositachi bo‘lishi zarur.

Shuningdek, aholining zaif qatlamlarini himoya qilishni ta’minlash kerak. Bunday ham ichki, ham tashqi o‘zgarishlar davrida iqtisodiyot, imkoniyat yoki geografiya nuqtai nazaridan eng zaif aholi qatlamini tashlab qo‘ymaslik lozim. Davlat ularni himoya qilishi zarur.

жаҳон banki, интyerвью, марко мантоvaнелли

— To‘rt yillik qizg‘in faoliyatingizda so‘ng O‘zbekistondagi missiyangizni yakunlash arafasidasiz. Professional hayotda kelgusidagi rejalaringiz qanday?

— Tez orada “Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik” (GPE) jamg‘armasi rahbarlaridan biri sifatida yangi ish boshlayman. GPE’ning asosiy maqsadi dunyoda, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda ta’lim sifatini oshirishdan iborat. GPE kotibiyati Jahon bankining Vashingtondagi shtab-kvartirasida joylashgan bo‘lib, jamg‘armani zarur ma’muriy yordam bilan ta’minlaydi.

Ushbu yangi lavozimda men GPE’ning, Afrikadan tashqari, dunyoning barcha mintaqalaridagi faoliyati uchun javobgar bo‘laman. Bunga O‘zbekiston ham kiradi. Shunday ekan, bu yerga tez orada yana qaytib kelishga umid qilaman. Majburiyatlarim mablag‘ jalb qilish va butun dunyo bo‘ylab GPE bilan hamkorlik qiladigan turli tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda ishlashni o‘z ichiga oladi.

— “Gazeta.uz” tahririyatiga tashrifingizdan g‘oyatda mamnun bo‘ldik. Sizga eng yaxshi tilaklarimizni tilab qolamiz!

— Suhbat uchun sizga katta rahmat!