Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1-iyul holatiga ko‘ra 36,34 milliard dollarni (+4,3 foiz) tashkil etdi va (rezervlarning rekord hajmi qayd etilgan) may oyida 293,7 million dollarga kamaygan.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda valyuta zaxiralari 796,9 million dollarga, ya’ni 9,27 milliard dollardan 8,47 milliard dollarga qisqargan (may oyida 1,24 milliard dollarga o‘sish kuzatilgan). Yil boshidan (yanvar iyun oylarida) valyuta zaxiralari qariyb 900 million dollarga, shu jumladan, mamlakat 2019-yilda chiqarilgan 500 million dollarlik suveren yevroobligatsiyalar bo‘yicha qarzni to‘lash hisobiga kamaygan.

Zaxiralardagi oltinning jismoniy hajmi atigi 300 ming troy unsiyaga (9,33 tonna) oshib, 11,74 million troy unsiyaga (365,15 tonna) yetdi.

Oltin zaxiralari qiymati 506,58 million dollarga oshib, 27,32 milliard dollarga yetdi. Iyun oyida oltin narxi bir unsiya uchun 2350 dollardan 2325 dollarga tushdi (-1 foiz)

May oyida birinchi marta zaxiralarda 35 million dollarlik qimmatli qog‘ozlar paydo bo‘ldi. Avvalroq regulyator oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishni boshlagani va xorijiy davlatlarning davlat obligatsiyalarini sotib olishni boshlagani haqida xabar bergan edi. Iyun oyida qimmatli qog‘ozlar miqdori 35,1 million dollargacha oshgan.

Shunisi e’tiborga loyiqki, Markaziy bank o‘z zaxiralarida O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘TTJ) mablag‘larini ham ko‘rsatadi, bu esa amalda davlat budjetining bir qismiga aylangan. Uning hajmlari oshkor etilmagan. S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligining ma’lum qilishicha, u O‘TTJ aktivlarini Markaziy bank zaxiralaridan chiqarib tashlaydi, chunki “jamg‘armaning aktivlari asosan pul yoki to‘lov ehtiyojlari uchun emas, balki fiskal uchun mo‘ljallangan”.

Taxminlarga ko‘ra, oltin narxining kutilayotgan pasayishi va joriy hisobdagi taqchillik davom etayotgani sababli O‘zbekistonning mavjud valyuta zaxiralari 2027-yilgacha qisqaradi. Markaziy bankning pul oltin zaxiralari umumiy oltin-valyuta zaxiralari hajmining 80 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Markaziy bank O‘zbekistonda qazib olingan oltinni sotib olishda ustuvor huquqqa ega. U o‘z intervensiyasining o‘zbek so‘miga ta’sirini qoplash uchun oltinni milliy valyuta bilan sotib oladi, so‘ngra mahalliy bozorda dollar sotadi.