3-iyul kuni tongda Toshkentning Yunusobod tumanidagi Moyqo‘rg‘on va Qoraqamish ko‘chalari kesishmasi ostidan o‘tgan 800 diametrli magistral suv quvuri teshilib, atrofni suv bosgani haqida xabar berilgan edi. 9-iyun kuni “O‘zsuvta'minot” AJ rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yunusoboddagi quvur yorilishi oqibatida qancha ichimlik suvi yo‘qotilgani ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“O‘zsuvta'minot” bo‘limi boshlig‘i Asiljon Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, yuz bergan nosozlik bevosita 1970−1975-yillarda tortilgan suv quvurlarining bugungi kunda ta’mirtalab ahvolga kelgani va o‘sha tarmoqda ortiqcha bosim paydo bo‘lgani oqibatida kuzatilgan.

“Shu o‘rinda aytadigan bo‘lsam, [bizning tizimda] nosozlik jarayonida yo‘qotilgan texnik suv sarfi va yo‘qotishlari, degan me’yoriy hujjat bor, ya’ni mazkur hujjatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklar sababli yo‘qotiladigan suv xajmlari ko‘zda tutiladi. Ma’lumot uchun, 2024-yilgi respublikamizning texnik suv sarfi ko‘rsatkichlari 12 foizni, texnik yo‘qotishlarimiz (tarmoqda tabiiy yuzaga keladigan nosozliklar tufayli) 17 foizni tashkil etadi. Bu, albatta, tarmoqlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq. Bundan tashqari, tarmoqdagi bosimni onlayn rejimda nazorat qilib boruvchi uskunalarni o‘rnatish orqali bu kabi muammolarni hal etish mumkin”, — dedi u.

suv bosishi, uzsuvta’minot, yunusobod

Asiljon Muhiddinov / Foto: AOKA

Uning aytishicha, birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, nosozlik jarayonida 80−85 ming kub metr miqdoridagi ichimlik suvi yo‘qotilgan.

“Bu Toshkent shahriga bir kunda uzatilayotgan ichimlik suvining 3,2 foizini tashkil qiladi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, har yil boshida yil davomida suvning yo‘qotish me’yorlari ko‘zda tutiladi. Yil yakunida bu me’yordan ortiqcha suv yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, bu korxonaning ortiqcha zarari sifatida qayd etiladi. Agar biz tarmoqlarni raqamlashtirib, ularning bosimini onlayn boshqaradigan uskuna va jihozlarini o‘rnatmas ekanmiz, tarmoqning qaysidir nuqtasida avariya sodir bo‘lishini oldindan bila olmaymiz. Mana shu ishlarni amalga oshirsak, tarmoqni to‘liq nazorat qilish va nosozliklarning oldini olish imkoniga ega bo‘lamiz”, — dedi “O‘zsuvta'minot” vakili.

“O‘zsuvta'minot” AJ boshqaruvi rais o‘rinbosari Xurshid Raxmatullayevning ta’kidlashicha, avariya diametri 1200 millimetrli quvurning 800 mm bo‘lgan quvurga ulangan qismida sodir bo‘lgan.

suv bosishi, uzsuvta’minot, yunusobod

Xurshid Raxmatullayev / Foto: AOKA

“Ushbu hodisada yo‘qotilgan ichimlik suvi zarari aholi yoki o‘sha hududdagi iste’molchilar bo‘yniga hisoblanmaydi. Yuqorida aytganimizdek, texnik yo‘qotishlar avvaldan ko‘zda tutiladi. Agar yil davomida 17 foizdan oshadigan bo‘lsa, quvur egasi, ya’ni bizning tashkilot zarari hisoblanadi, tabiiy yo‘qotish, degan mazmunda zarar qoplanadi. Bu hech qanaqasiga iste’molchilar bo‘yniga tushmaydi”, — dedi Xurshid Raxmatullayev.