Yandex Go Toshkentda elektrosamokatlarni ijaraga berish xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Elektrosamokat Yandex Go ilovasi orqali ijaraga olinadi. Odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda samokatlar avtomatik tarzda tezligini pasaytiradi va ilova xavfsizlik qoidalarini eslatadi.

Bunday hududlar shahar bilan hamkorlikda belgilanadi va ilova xaritasida ko‘rsatiladi. Haydash taqiqlangan hududlarda samokatlar asta-sekin tezlikni pasaytirib to‘xtaydi.

Samokatni band qilib bo‘lganidan keyin foydalanuvchilar unga yetib borish uchun 10 daqiqa bepul vaqt oladi. Sayohat uchun ilovaga bog‘langan kartadan to‘lov qilinadi.

Sayohat narxi bir daqiqasi uchun 890 so‘mdan boshlanadi. Qulaylik uchun 30 daqiqaga 20 990 so‘m, 50 daqiqaga 32 990 so‘m va 100 daqiqaga esa 61 990 so‘mlik paketlarni ham xarid qilish mumkin.

“Elektrosamokatlar qisqa sayohatlar uchun juda qulay, ular tirbandliklarda qolmaslikka va vaqtni tejashga yordam beradi. Xavfsiz haydash uchun ehtiyot choralariga rioya qilish muhim. Shuning uchun biz yo‘llar va trotuarlarda to‘g‘ri harakat qilishga, shuningdek, boshqa yo‘lovchilarga ham hurmat ko‘rsatishga katta e’tibor qaratamiz”, — deya ta’kidladi MDH mamlakatlarida Yandex Go Samokatlar xizmati rahbari Temirlan Toguzbayev.

Bir akkauntdan bir vaqtning o‘zida uchtagacha samokatni band qilish mumkin. Bir paytda bir nechta samokat olishni ikki yo‘l bilan: ilovadagi “Yana bitta” tugmasi orqali yoki samokat korpusidagi QR-kodni skanerlash orqali bajarish mumkin.

Elektrosamokatdan foydalanish xavfsiz va qulay bo‘lishi uchun undan foydalanishda bitta odamdan ortiq bo‘lmasligi kerak. Samokatlarni 18 yoshdan boshlab ijaraga olish va ulardan foydalanish mumkin. Yandex Go samokatida sayohat qilayotgan foydalanuvchilarning hayoti va sog‘ligi sug‘urtalangan.