“Gazeta.uz” YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan tayyorlangan videolarning oyma-oy sarhisobini tayyorlashda davom etadi. Navbat — 2024-yilning iyun oyi yakunlariga.

Izoh: Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil iyun oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olingan. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz"ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan iyun oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.

“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar

“Odamlarga vaqt berish kerak” — Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart “Gazeta.uz” bilan katta intervyuda mintaqadagi hamkorlik va statistik ma’lumotlarning siyosiy qarorlar uchun ahamiyati haqida gapirdi. U odamlarga islohotlarni amalga oshirish uchun vaqt berish kerakligini aytdi. Elchi, shuningdek, o‘zbek tilini bilishi mamlakatni yaxshiroq tushunishga yordam berayotganini ta’kidladi.

Mifonomika: Avtokratiya barqarorlikni ta’minlaydimi? | Farhod Tolipov

“Mifonomika” loyihasining 10-sonida siyosatshunos Farhod Tolipov bilan “Avtokratiya barqarorlikni ta’minlaydi” degan mif haqida suhbatlashildi.

Xurshid Davronning shaxsiy kutubxonasidan reportaj

“Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida “Kutubxona” nomli loyiha boshladi. Unda o‘z xonadonida kutubxona tashkil qilgan mutolaa ishqibozlari bilan kitobxonlik va kutubxonachilik haqida suhbatlar uyushtiriladi. Loyihaning ilk mehmoni — O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron.

Shoir, dramaturg, yozuvchi va tarjimon Xurshid Davronning “Qadrdon quyosh” nomli ilk kitobi 1979-yili chop etilgan. Keyinchalik “Shahardagi olma daraxti”, “Tungi bog‘lar”, “To‘marisning ko‘zlari”, “Bolalikning ovozi”, “Qaqnus”, “Bibixonim” kabi asarlari bosilgan. 1999-yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlangan. Oliy Majlis deputati bo‘lgan. Turli nashriyotlar va “Toshkent”, “Yoshlar”, “O‘zbekiston” telekanallarida rahbar lavozimlarida ishlagan. 2007-yilda “Xurshid Davron kutubxonasi” saytiga asos solgan.

Rus tilida: So‘rovnoma: Toshkent superqahramoni qanday ko‘rinishda bo‘ladi? — Comic Con ishtirokchilari fikri

Toshkentda mashhur madaniyatlar va kospleyning keng ko‘lamli festivali — Comic Con bo‘lib o‘tdi. Humo Arena’da mashhur kinofranshizalar, teleseriallar, komikslar, anime va kompyuter o‘yinlari qahramonlari jam bo‘ldi. “Gazeta.uz” ham bu tadbirda bo‘lib, reportaj tayyorladi. Quyidagi so‘rovnomada esa festival ishtirokchilari va mehmonlari toshkentlik superqahramon qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerakligi bo‘yicha fikrlarini bildirgan.

Bir tom ostidagi hamkorlarimizning materiallari

Afisha.uz. Ovoz — 2-bosqich sahna orti jarayonlaridan eksklyuziv video (+ intervyular)

Afisha.uz “Ovoz” loyihasining 2-bosqichi suratga olish jarayonlarida qatnashib, ishtirokchilar, murabbiylar va loyiha bosh prodyusseri bilan suhbatlashdi. Ushbu videodan suratga olish ishlari qanday o‘tgani, murabbiy va ishtirokchilarda hissiyotlar qanday ekani, tayyorgarlik jarayoni qanday bo‘lgani, sahna ortida nimalar borligi haqida bilib olish mumkin.

Spot. HR kim va u nega kerak?

Kozimxon To‘rayev — HR va biznes boshqaruv bo‘yicha 18 yildan ortiq tajribaga ega. U dastlab Procter-&-Gamble distribyutorlik kompaniyasida HR-menejer lavozimida faoliyat yuritgan. Kozimxon 6 yil davomida Saudiya Arabistonidagi Islom taraqqiyot bankida HR-menejerlikda, so‘ngra Investitsiyalar bo‘limida tajriba oshirgan. Hozirda Ameen Group asoschisi, “Islom moliyasi”, “Korporativ boshqaruv va HR”, “Biznesda baraka omillari” mavzularida trening va konsalting xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. U Spot’ga bergan intervyusida O‘zbekistonga HR sohasining kirib kelishi, yo‘nalishlari va kompaniyada bu bo‘limni qanday tashkil etish hamda talabgir kadrlar masalasi haqida so‘zlab berdi.

Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar

Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil iyun oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.

BekipediA. Bizni aldashganmi? Yerning asl shakli

“BekipediA"ning ushbu sonida yassi yer nazariyasi qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani haqida gap boradi.

NmaGap. “Hayot faqat kulgidan iborat emas!” Sadulla Fatxullayev

“NmaGap” loyihasining navbatdagi sonida “Dizayn” yumoristik jamoasi a’zosi Sa’dulla Fatxullayev mehmon bo‘ldi.

Kalibr. Qilgan hamma ishimiz xato / Jahongir Ortiqxo‘jayev

Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev ikki oylik tanaffusdan so‘ng yana YouTube’da ko‘rinish berdi. Ortiqxo‘jayev ishtirok etgan videolar fevral va mart oyidagi sarhisoblarimizdan ham o‘rin egallagandi.

Tungi qahramon. O‘tkir Shodmonov va Mirshakar Fayzulloyev

Stendap komik Mirshakar Fayzulloyev o‘zining “Tungi qahramon” dasturida bu safar bloger O‘tkir Shodmonovga savollar berdi va mehmonini qiziqqarli shartlar bilan sinadi.

NQE podcast. Befarqlik bizni o‘ldiradi! Furqat Qurbonov, Otabek Mahkamov, Teacher Azam

Teacher Azam o‘zining “Nozik qalb egalari” loyihasining bu sonida Furqat Qurbonov bilan mezbonlikda bloger Otabek Mahkamov bilan suhbatlashdi. Mehmon o‘zbek portreti qanday ekani, yaxshi hayotga intilish, o‘zbekning soddaligi va befarqlik odamlarni o‘ldirishi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Xo‘p podkast. Doniyor G‘aniyev | Tariflar oshishi, JST va saylovlar: O‘zbekistonni nima kutmoqda?

Deputat Rasul Kusherbayev o‘zining “Xo‘p podkast” loyihasi doirasida bu safar sobiq hamkasbi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev bilan elektr energiyasi va gaz uchun tariflar oshgani, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi masalasi hamda kutilayotgan parlament saylovlari haqida suhbatlashdi. “Gazeta.uz” bu suhbatdan Doniyor G‘aniyevning mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi, energoislohot faqat bitta qadam bo‘lib qolib ketishi ehtimoli, gaz subsidiyalari haqidagi fikrlarini matnlashtirishga ham ulgurdi.

Markaziy sektor. Yevro-2024: Pley-offda kimda qanday imkoniyat?

“Markaziy Sektor” loyihasi futbol bo‘yicha 2024-yilgi Yevropa chempionatiga bag‘ishlab “Yevropodkast” dasturini boshlab yubordi. Masalan, uning 4-sonida Yevro-2024 pley-off bosqichi oldidan jamoalarning bosib o‘tgan yo‘li va keyingi bosqichdagi imkoniyatlari haqida so‘z boradi.

Magnit. Koinotdagi o‘zbeklar — biz kosmosda nimalar qilganmiz?

O‘zbeklar koinotga chiqqani haqida bilarmidingiz? Nega ular haqida kam gapiriladi? “Magnit” loyihasining bu galgi sonida o‘zbek millatining koinotga qo‘shgan hissasi haqida gap boradi.

U kim edi? Shermuhammadbek | Umrini vatan uchun sarflagan qo‘rboshi

Bloger Nurbek Alimov o‘zining “U kim edi?” loyihasining navbatdagi sonida tomoshabinlarni Shermuhammadbek qo‘rboshi shaxsiyati bilan yaqindan tanishtirishga harakat qildi.

Lolazor. #22 Hisorak vahimasi: Davlatning funksiyasi qamash emas, tezkor axborot berish

“Lolazor"ning bu galgi sonida energetika va gaz bilan bog‘liq muammolar, Jahon savdo tashkilotiga a’zolikning foyda-zararlari, o‘zbekistonlik migrantlar, rubl kursi bilan bog‘liq noaniqliklar, jarima ballarini belgilash haqidagi qonun, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun, O‘zbekiston haqida noma’qul gap aytgan chet el fuqarolari 5 yil davomida O‘zbekistonga kiritilmasligi haqidagi qonun loyihasi, g‘alla hosili hamda Hisorak suv ombori bilan bog‘liq holat haqida suhbatlashildi.

Sahna stand up. Stendap konsert / Islom Karimov, Abdurahim Mansurov, Bekzod Yusupov, Navro‘z Hikmatov

“Sahna” stendap klubi kichik tanaffusdan so‘ng yana o‘zining YouTube kanalida navbatdagi konsertni e’lon qildi. Odatdagidek Islom Karimov boshlovchilik qilgan konsertda stendap komiklar Navro‘z Hikmatov, Abdulaziz Hakimovich, Bekzod Yusupov, Abbos Meliyev, Avaz To‘xtasinov, Otabek Xudoyberdiyev, Abbos Serobov, Abdurahim Mansurov, Izzatilla Chorixo‘jayev, Fayzulla Nosirov, Dilshod Husanjonov chiqish qildi.

Fikr yetakchilari. Dollar kursi nazorati, konvertatsiya, monopolistlar foydasi, iqtisodiyotdagi xavf-xatarlar

“Fikr yetakchilari” podkastining navbatdagi sonida professor Nishonboy Sirojiddinov mehmon bo‘ldi va iqtisodiyot, dollar kursi ustidan nazorat, konvertatsiya, monopolistlar foydasi, iqtisodiy xavf-xatarlar masalalari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Soqqa. Akmal Payziyev: Gigantlar bilan raqobat va biznes qoidalari

Mirshakar Fayzulloyevning “Soqqa” loyihasi navbatdagi sonida tadbirkor, O‘zbekistonda IT sohasida qariyb 20 yillik tajribaga ega Akmal Payziyev mehmon bo‘ldi. Akmal Payziyevning bosib o‘tgan yo‘li internet-kafe, GPS-navigatsiya va transportlarni motoring qilishdan boshlab ishchilar davomatini hamda vaqtini hisoblaydigan tizimgacha, shuningdek, taksi va ovqat yetkazib berish xizmatini ham o‘z ichiga oladi.

Pakapak. Qimor o‘ynab boyib ketish mumkinmi?

“Pakapak” loyihasining navbatdagi sonida nima uchun odamlar qimor, stavkalar o‘ynashi, qanday qilib ular psixologik tuzoqlarga tushishi, kazino, bukmekerlar qanday ishlashini haqida ma’lumot beriladi.

Susambil. “Telba Maks” va “Furiosa” filmlari tahlili. Benzin uchun shafqatsiz kurash

“Susambil"ning navbatdagi sonida avstraliyalik rejissyor Jorj Miller tomonidan yaratilgan “Telba Maks” franshizasining barcha filmlari, xususan, 2024-yilda katta ekranlar yuzini ko‘rgan “Furiosa” loyihasi batafsil tahlil qilinadi.

Fashion gap. Met Gala 2024: Liil.khuramov, Dilnoza Umirzakova va Dee Hanim

Bu oygi sarhisobimizdan “Fashion gap” loyihasi ham o‘rin oldi. Uning mualliflari loyiha O‘zbekistondagi jahon modasiga nazar soluvchi ilk podkast ekanini ta’kidlaydi. “Fashion gap"ning navbatdagi sonida bloger Ozod Hurramov (Liil.khuramov), Yosh dizaynerlar kengashi raisasi va Anor brendi dizayneri Dilnoza Umirzoqova va kouch Dilrabo Norqulova (Dee Hanim) yilning eng muhim moda iventi hisoblanuvchi Met Gala 2024'ni muhokama qildi.

Qurultoy. G‘aznaviylar sulolasi tarixi: Mahmud G‘aznaviy va Beruniy

“Qurultoy"ning navbatdagi soni G‘aznaviylar sulolasi tarixiga bag‘ishlandi. Unda turkolog olima, PhD Feruza Jumaniyozova mehmon bo‘ldi. Loyihaning avvalgi sonlarida Feruza Jumaniyozova bilan turklarning Hindistondagi tarixi haqida gaplashilgan edi. Bu safargi mavzu esa Hindistonga kirib borib, u yerda islom madaniyatini yoygan turkiy hukmdor Mahmud G‘aznaviy haqida bo‘ldi.

Uzbekonomics. 43 — Sanoat siyosatining qaytishi

Oxirgi yillarda sanoat siyosatini davlat tomonidan boshqarilishi, ba’zida esa davlat tomonidan sanoat siyosati ishlab chiqilishi yana modaga aylandi. Bu moda nafaqat rivojlanayotgan va davlat o‘rni katta bo‘lgan mamlakatlarda, balki rivojlangan va bozor iqtisodiyotiga o‘tgan mamlakatlarda ham kuzatilmoqda. “Uzbekonomics” podkastining bu epizodida iqtisodchilar Botir Qobilov va Behzod Hoshimov davlat tomonidan sanoat siyosati yuritilishining afzallik va kamchiliklari, tarixi, siyosati va hozirgi kundagi qo‘llanilishi haqida gaplashdi.

Hoshimov iqtisodiyoti. Adib Xolid — Markaziy Osiyo chegaralari, jadidlar idealogiyasi va O‘zbekiston haqida

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning “Hoshimov iqtisodiyoti” loyihasida bu safar Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati sohasidagi taniqli olim, tarixchi va mutaxassis Adib Xolid mehmon bo‘ldi. Professor Xolidning tadqiqotlari Markaziy Osiyo tarixiga, ayniqsa, uning 1860-yillarda Rossiya tomonidan bosib olinishi davridan hozirgi kungacha bo‘lgan madaniy va identifikatsion o‘zgarishlarga qaratilgan. Uning ilmiy ishlari musulmon va rus/sovet dunyolarining kesishish nuqtasini chuqur tahlil qilib, xususan, Markaziy Osiyoda Islom dinining chorizm va sovet boshqaruvi ostidagi taqdiri haqida muhim ma’lumotlarni beradi. U “O‘zbekiston tavalludi” kitobining muallifidir.

1844 podkast. Eng kichkina va eng jonli o‘zbek teatri

Iyun oyida fotograf Elyor Nemat “1844 podkast” nomli yangi loyihaga qo‘l urdi. Teatr, kino va umuman madaniyat sohasida diskurslarga bag‘ishlangan podkastlar cyeriyasinining 1-epizodida o‘z sahnasi va moddiy tayanchga ega bo‘lmasdan turib ko‘pchilik qalbidan joy olib kelayotgan “O‘rta Osiyodagi eng kichkina va eng jonli teatr” — “Shamsi qamar” teatri haqida gap boradi.

Archemistry Urban. Umid Gafurov bilan piyoda gurung. Mahtumquli ko‘chasi

O‘zbekiston shaharlarida kundan-kun yangi binolar qurilmoqda. Qurilishlar qayerdadir juda yaxshi o‘ylangan bo‘lsa, qayerdadir xatolarning cheki yo‘q. Urbanist Iskandar Soliyev o‘zining navbatdagi “Piyoda gurung"ini bloger Umid Gafurov bilan Mahtumquli ko‘chasidagi uyushtirdi. Ular yangi turar joylar va yo‘llar atrofida aylanib, ijobiy jihatlar, muammolar, kamchiliklar va noqulayliklar haqida suhbatlashdi.

Diqqat, savol! Tadbirkorlik. Ijtimoiy mas’uliyat. Sherikchilik

“Diqqat, savol!” podkastining bu sonida tadbirkorlik, uning biznesdan farqi, tadbirkorlikda sherikchilik hamda ijtimoiy mas’uliyat mavzularida bloger Nurbek Alimov, zakovatchi hamda tadbirkorlar Saidkamol Abdurazzoqov, Rushana Rajabova hamda Payme kompaniyasi marketologi Nodira Sultonxo‘jayeva ishtirokida suhbat uyushtirilgan.

Olmoniston. Yevro-2024, Myunxendagi o‘zbeklar jamoasi, Germaniya futboli

Yuqorida ta’kidlanganidek, ayni vaqtda Germaniya maydonlarida futbol bo‘yicha terma jamoalar o‘rtasida yilning eng muhim musobaqalaridan biri hisoblangan Yevro-2024 davom etmoqda. “Olmoniston” loyihasining navbatdagi soni ham futbolga bag‘ishlandi. Unda uzoq yillardan beri Germaniyala yashab kelayotgan o‘zbekistonliklar — Doniyor Tojibayev, Muxtor Eshmatov va Qahramon Pozilovlar bilan ular tomonidan Bavariya o‘lkasida tuzilgan “FK Myunxen” jamoasi muvaffaqiyati sirlari, Germaniyada futbolga e’tibor va Yevro-2024 turniri haqida suhbatlashildi.

Tasvir. Anvar Ilyasov: Ko‘p gapiradigan fotografning yaxshi rasmi kam bo‘ladi!

Fotograf Muhiddin Alining yaqindan boshlab yo‘lga qo‘yilgan “Tasvir” podkasti navbatdagi sonida sport fotografiyasining tajribali vakili, fotograf Anvar Ilyasov mehmon bo‘ldi. Podkast davomida hozirgi yoshlarning kasbga munosabati, ustoz shogird masalasi, fotografiya rivoji nimalarga bog‘liq ekani, yosh fotograflarning kamchiliklari, kulguli va qo‘pol xatolar haqida gap boradi.

Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?

Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.