Toshkentda banklardan birining hisob raqamlaridan 370 milliard so‘m (Markaziy bankning amaldagi kursi bo‘yicha 29,3 million dollardan ortiq) pul o‘g‘irlashga uringan jinoiy guruhning faoliyati fosh etildi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. Operatsiya Davlat xavfsizlik xizmati poytaxt boshqarmasi va shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshirildi.

Ma’lum qilinishicha, 33 yoshli sobiq bank xodimi bank dasturiy ta’minoti va hisob raqamlariga kirish uchun kodlarni shu bankdagi mutaxassisning 22 yoshli tanishidan 6500 AQSh dollari evaziga olgan.

Shundan so‘ng u Namangan viloyatida yashovchi 51 yoshli (muqaddam firibgarlik uchun uch marta sudlangan) va Toshkent viloyatida yashovchi 35 yoshli fuqaro bilan birga bank hisob raqamlari hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalaridan 370 milliard so‘m o‘g‘irlash rejasini tuzgan. Ular pulni xorijdagi ofshor hududlar orqali tanishlarining hisob raqamlariga o‘tkazishni rejalashtirgan.

o‘g‘rilik

Guruh vakillari 189 mlrd so‘mni chet el valyutasiga konvertatsiya qilishga va ofshor hududlar orqali xorijdagi hisob raqamiga o‘tkazishga uringan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ular rejalarini amalga oshgan taqdirda, bankning dasturiy ta’minotiga chet eldan xakerlik hujumi bo‘lgani to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatmoqchi bo‘lgan.

Qo‘lga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 25-modda (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) bo‘yicha qamoqqa olingan.