Ijtimoiy tarmoqlarda “Boqiy Buxoro” parki loyihasi shahar chekkasida qurilishi haqida xabarlar tarqaldi. Buxoro shahri hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu xabarlar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“„Boqiy Buxoro“ madaniy-etnografik parkini barpo etish ishlari tizimli amalga oshirilmoqda. Hozirda mazkur loyihani amalga oshirish maqsadida hududdagi eskirgan va avariya holatidagi bino hamda inshootlarning asosiy qismi to‘liq demontaj qilinib, qurilish maydoni 90 foizga tayyor holatga keltirilgan. Viloyat hokimligining avvalgi binosida ham demontaj ishlari aholiga va atrofdagi obyektlarga ta’sir etmagan holda, texnik xavfsizlik qoidalariga muvofiq davom ettirilmoqda, ishlar qariyb 70 foizga bajarilgan”, — deyiladi hokimlik axborotida.

Qayd etilishicha, loyiha hujjatlari taniqli tarixchilar, olimlar, madaniy meros sohasi mutaxassislari va xorijiy loyiha tashkilotlari bilan hamkorlikda yakuniga yetkazilmoqda.

“Keng jamoatchilik, jurnalist va blogerlardan asoslanmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

Loyiha va aholining e’tirozlari haqida

Jamoatchilik muhokamasiga qaramay, Buxoroning tarixiy qismi va bufer zonasi bilan chegaradosh hududda “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki loyihasini amalga oshirish boshlandi. Qiymati 470 million dollarga baholanayotgan loyiha buyurtmachisi sifatida Samarqandda xuddi shunday markazni qurgan Enter Engineering kompaniyasi tanlangan. 32,6 gektar maydonda majmua yaratish uchun 29 ta davlat obyekti, jumladan, Buxoro viloyati va Buxoro shahri hokimliklari binolari, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, Buxoro shahridagi 2-sonli maktab singari ma’muriy va madaniy binolar buzilishi rejalashtirilgan.

2023-yil yanvar oyi boshida buxoroliklar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga shahar markazida sayyohlik markazi qurilishi rejasi yuzasidan murojaat qilgandi. Loyiha buyurtmachisi sifatida Samarqandda xuddi shunday markazni qurayotgan Enter Engineering kompaniyasi tanlangan

32,6 gektar maydonda majmua yaratish uchun 29 ta davlat obyekti, jumladan, Buxoro viloyati va Buxoro shahri hokimliklari binolari, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, Buxoro shahridagi 2-sonli maktab buzilishi mumkin edi. Shuningdek, ula orasida davlat tibbiyot kolleji, Madaniyat kolleji, “Buxoro Arena” stadioni, FHDYO va boshqalar ham bo‘lgan.

Buxoroning tarixiy qismi va bufer zonasi bilan chegaradosh hududlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilishi hisobga olinib, loyiha konsepsiyasini YUNESKO bilan kelishish to‘g‘risidagi hukumat qarori chiqarilgan.

Kun.uz nashrining xabar berishicha, turistik markaz qurilishi uchun tanlangan hudud Buxoroning tarixiy markazi bufer zonasida joylashgani bois YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyihani qo‘llab-quvvatlamagan.

Hokimlik bir yil avval jamoatchilik va fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda loyihani amalga oshirish uchun boshqa yer uchastkalari tanlab olinishini ma’lum qilgandi. Ma’muriyat, shuningdek, YUNESKO xulosasi olingandan keyingina yakuniy qaror qabul qilinishi va qurilish ishlari boshlanishiga ishontirgandi.

Biroq joriy yilning yanvar oyida loyiha baribir dastlab rejalashtirilgan joyda amalga oshirilishi ma’lum bo‘ldi. Deyarli barcha inshootlar, jumladan, stadion buziladi. Viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro shahrining 6-mikrotuman hududida 20 ming o‘rinli yangi markaziy stadion bunyod etilishini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, avtoturargohlar uchun 5−6 gektar yer ajratiladi.

Fevral oyi boshida YUNESKO vakolatxonasi Kun.uz`ga hukumat ushbu loyiha uchun tashkilotdan hali ruxsat olmaganini ma’lum qilgan va O‘zbekiston rasmiylarini tarixiy shaharning bufer zonasidagi loyiha haqida zudlik bilan xabar berishga chaqirgandi. “Gazeta.uz” YUNESKOga qo‘shimcha savollar bilan yuzlandi.

Shunga qaramay, aholi va OAV xabarlariga ko‘ra, Buxoroda markaziy o‘yingohni buzish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.