10-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” zavodida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalar haqida hisobot bilan tanishdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi.

Zavod xorijdagi BYD kompaniyasining elektromobil va gibrid avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha ilk zavodi hisoblanadi.

“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug‘bek Roziqulov mazkur investitsiya loyihasining dastlabki natijalari va uni kengaytirishga qaratilgan rejalar to‘g‘risida axborot berdi.

byd uzbekistan factory

Yig‘ilishda to‘liq ishlab chiqarish jaryonini ishga tushirish doirasida O‘zbekiston korxonalari tomonidan plastik qismlar, oynalar, bamperlar, disklar va boshqa ko‘plab komponentlar ishlab chiqarilishi bo‘yicha BYD sifat tizimiga mos kelishi uchun tahlil o‘tkazilgani aytildi.

“Aholining yengil avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ularning turlarini kengaytirish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ularning birinchi namunalari xitoylik hamkorlar tomonidan zamonaviy standartlashtirish tizimi sinovlarini o‘tkazish uchun laboratoriyalarga topshirildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, zamonaviy texnologiya va standartlarni nafaqat ishlab chiqarish, balki savdo, servis va kafolat yo‘nalishlarida ham tatbiq etish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu sifatsiz mahsulot chiqarilishining oldini oladi hamda avtotransportga yuqori sifatli servis va kafolatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

Uchrashuv davomida BYD bilan hamkorlik mahalliy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ham o‘z ichiga olishi ham aytildi. Jizzaxdagi “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasiga malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida Jizzax politexnika instituti va Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bilan birgalikda yuqori malakali mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha muhandislik o‘quv markazini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi quvvatlarida ishlab chiqarishni tezlashtirish, hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, kelgusida ishlab chiqarish quvvatini yillik 500 ming donaga yetkazish va eksport bozorlariga chiqish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ydi.

Ma’lumot uchun, “O‘zavtosanoat” va Xitoyning BYD Auto kompaniyasi 2022-yilda O‘zbekistonda avtomobillarini to‘liq siklda ishlab chiqarishni tashkil etishga kelishib olgan. Avvalroq tomonlar O‘zbekiston bozori o‘rganilayotgani haqida xabar bergandi. 2022-yil 29-dekabrda BYD Europe B. V. (40 foiz ulush) va “O‘zavtosanoat” (60 foiz ulush) kompaniyasi “BYD Uzbekistan Factory”ni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, 27-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi “BYD Uzbekistan Factory” avtomobil zavodiga tashrif buyurgandi. Hozir u yerda 2 modeldagi avtomobil ishlab chiqarilmoqda — Chazor va Song Plus Champion. Shavkat Mirziyoyev BYD prezidenti Van Chuanfu bilan kompaniyaning O‘zbekistonda “yashil” transportni rivojlantirish loyihasida ishtirok etish rejalarini muhokama qilgandi. U innovatsion tadqiqot markazini yaratish, Blade batareyalari va BYD elektrobuslarini ishlab chiqarish kabilarni o‘z ichiga oladi.

“BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov Jizzaxdagi zavoddan chiqadigan mashinalar narxi chetdan olib kelinadiganlari narxidan arzon bo‘lishi haqida aytgandi. Zavod 3 ta yangi model: E2, Seagull va Yuan`ni ishlab chiqarmoqchi, mahalliylashtirishni 60 foizga yetkazmoqchiligi aytilgandi.