Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyul kuni budjet mablag‘laridan foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Moliyaviy nazoratni Hisob palatasi amalga oshiradi. Hozirgi tizimda faqat budjet va maqsadli jamg‘armalar xarajati tashqi audit bilan qamrab olingan. Bu jami xarajatlarning 86 foizini tashkil etadi.

Shu bois Hisob palatasi tomonidan konsolidatsiyalashgan budjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu budjetdan tashqari jamg‘armalar hamda tashqi qarz hisobidan xarajatlarni ham qamrab olish imkonini beradi, deyiladi xabarda.

Hisob palatasi faoliyatida davlat dasturlaridagi milliy maqsad va vazifalarga erishishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholashga qaratilgan strategik audit hamda davlat tashkilotlaridagi dasturiy ta’minotlar samaradorligi bo‘yicha axborot texnologiyalari auditi joriy etilishi mo‘ljallanmoqda.

audit, konsolidatsiyalashgan budjet, шавкат мирзиёев, ҳисоб palatasi

O‘zbekistonda 30 mingga yaqin budjet tashkiloti va davlat korxonasi bo‘lib, ularni joyiga chiqib o‘rganishga ko‘p vaqt va mablag‘ ketadi. Shuning uchun Hisob palatasida “Masofaviy nazorat markazi” ishga tushirildi. Prezident ilg‘or xorijiy tajriba asosida 36 ta risk-tahlil mezonlari va indikatorlarini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, mahalliy kengashlar budjet muhokamasida asosan viloyat yoki tuman budjeti bilan cheklnayapti. Bu — har bir hududga barcha manbalardan berilayotgan mablag‘larning 65−70 foizi ularning nazoratidan chetda qolyapti, degani.

Endilikda Hisob palatasi budjet jarayonini nafaqat Oliy Majlis palatalarida, balki mahalliy kengashlarda ham muhokama qilib borishi kerakligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilgi konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi chegarasi 3 foiz o‘rniga 4 foiz etib tasdiqlangandi (52,5 trln so‘m). Davlat qarzi bo‘yicha chegara ham 5 mlrd dollargacha oshgan, unga xizmat ko‘rsatish yanada qimmatlashadi. YAIM o‘sishi 5,6−5,8 foiz, inflyatsiya 8−10 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.

2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord daraja — 59 trln so‘mni tashkil etib, avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘lgandi. O‘tgan yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasini ushlab turolmagani sababli parlament orqali limitni oshirgandi.