Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbarining matbuot xizmati.
O‘tgan 6 oyda qariyb 3 million tonna ko‘mir qazib olingan. “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida mexanizatsiyalashgan yerosti komplekslari to‘liq ishga tushirilib, ko‘mir qazib chiqarish bir kecha-kunduzda 3,5 ming tonnaga yetkazilgan (Xitoy bilan hamkorlikda modernizatsiya qilinmoqda), deyiladi xabarda.
Ikkinchi yarim yillikda yana 5 mln tonnadan ziyod ko‘mir qazib olinishi rejalashtirilgan. Shundan 1,8 mln tonna issiqlik elektr stansiyalariga, 1 mln tonnadan ortig‘i aholiga, 540 ming tonna ijtimoiy muassasalarga yetkazib beriladi, 1,8 mln tonna mahalliy ko‘mir birja savdolariga chiqariladi.
Umuman, bu yil ko‘mir qazib chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 1,4 mln tonnaga ko‘p bo‘lishi kutilmoqda, import hajmi (2023-yilda 1,7 baravarga o‘sib, 204,4 mln dollarni tashkil etgan) sezilarli darajada qisqaradi.
Xitoyning Henan kompaniyasi Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Nishbosh konini o‘zlashtirish uchun 400 mln dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu loyiha samarasida yerosti usulida yiliga 8 mln tonnagacha ko‘mir qazib chiqarish va shundan 5 mln tonnasini boyitish rejalashtirilgan. Henan — bu ko‘mir qazib olish va kimyo sanoatiga ixtisoslashgan yirik davlat kompaniyasi.
O‘zbekistonda kaolinning (oq loy, undan chinni, sopol idishlar, qog‘oz ishlab chiqarishda xomashyo sifatida foydalaniladi) ham katta zaxirasi mavjud. Hozirda konlarni o‘zlashtirishga jalb qilingan tadbirkorlar tomonidan 396 ming tonna mahsulot qazib olinmoqda. Bu esa juda kam, deyiladi xabarda.
Shu bois 2024—2025-yillarda Geologiya dasturi doirasida 7 ta kon tashabbuskorlarga taklif etiladi va bu orqali qazib olish hajmi 2 million 700 ming tonnaga yetkazish kutilmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islamov.
Turkiyaning Bab Energy ve Petrol Urunleri A.S kompaniyasi bilan birgalikda Toshkent viloyatidagi “Apartak-3” koni negizida boyitilgan kaolin ishlab chiqarish ham rejalashtirilmoqda. Buning natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 70 ming tonna boyitilgan kaolin olinadi, deyiladi xabarda.
Prezidentga Xitoy bilan hamkorlikdagi umumiy qiymati 800 mln dollarlik loyihalarning borishi haqida ham axborot berildi.