Kopengagen ma’muriyati sayyohlarni ekologik mas’uliyatli xatti-harakati — jamoat transportidan foydalangani yoki chiqindi yiqqani uchun bepul oziq-ovqat va madaniy tadbirlarga kirish huquqi bilan mukofotlashga qaror qildi, deb yozdi CNN.

CopenPay deb nomlanuvchi yangi tashabbus 15-iyuldan 11-avgustgacha amal qiladi. Bu ““yashil” harakatlarni madaniy tajribalar olish uchun valyuta sifatida almashtirish"ni o‘z ichiga oladi, deyiladi Daniya poytaxtining turizm tashkiloti Wonderful Copenhagen xabarida. Shu yo‘l bilan rasmiylar turizmning “ekologik yukini” qoplamoqchi.

“CopenPay velosiped haydash, tozalashda qatnashish yoki shahar fermalarida ko‘ngilli bo‘lish kabi xatti-harakatlarni mukofotlaydi, buning evaziga turli xil foydali tajribalar va Kopengagenning kundalik mo‘jizalaridan foydalanish imkoniyatini beradi. Bunga muzeylarga bepul ekskursiyalar, bepul baydarka ijarasi va hatto mahalliy ingrediyentlardan tayyorlangan bepul vegetarian tushlik kiradi”, — izohladi Wonderful Copenhagen.

Masalan, Daniya Milliy galereyasiga plastik chiqindilar bilan kelgan tashrif buyuruvchilar uni qanday qilib san’at asariga aylantirish bo‘yicha seminarda qatnashishlari mumkin bo‘ladi. Sayyohlar, shuningdek, velosiped yoki jamoat transportida yetib kelgan taqdirda, mashhur Copenhill sun’iy chang‘i uchish saroyidan bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Dastur ishonchga asoslangan, shuning uchun, katta ehtimol, sayyohlardan o‘zlarining “yashil” faoliyatini isbotlash talab etilmaydi, deya aniqlik kiritdi BBC News.

“Ba'zi attraksionlarda velosipedda ketayotganingiz aks etgan suratni yoki jamoat transportiga chiptangizni ko‘rsatishingiz kerak bo‘lishi mumkin”, — dedi Kopengagen turizm kengashining aloqa bo‘limi boshlig‘i Rikke Holm Petersen.

Hukumat muzeylar, tomdagi barlar, xayriya tashkilotlari kabi baydarkalarni ijaraga beradigan dastur ishtirokchilariga to‘lovlarni qaytarmaydi. Bugungi kunga qadar 24 ta tashkilot pilot loyihasiga qo‘shilgan.

Agar loyiha muvaffaqiyatli chiqsa, u yil davomida amal qiladi.