10-iyul “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-249-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan elektron do‘kon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng bo‘lgan hollarda, belgilangan mezonlarning biri asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlik subyektlarining takliflari ustunlikka ega bo‘ladi.

  • 2024-yil 1-sentabrdan 2025-yil 31-dekabrgacha kichik biznesga ko‘maklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sug‘urtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining 50 foizigacha qismini, biroq BHMning 30 baravaridan (10 mln 200 ming so‘m) oshmagan miqdorda qoplab beriladi.

Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2024-yil 1-oktabrdan davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida 1 ish kuni, shuningdek, tender savdolari natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida 2 ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-sentabrdan:

  • ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, shuningdek, ularning tarkibidagi xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining davlat xaridlari yillik va choraklik reja-jadvallari hamda import qilish rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatlarini tasdiqlash bo‘yicha qarorlari muhim fakt sifatida oshkor qilib boriladi;
  • davlat xaridlari maxsus axborot portalida korporativ buyurtmachilarning ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo‘ladigan tovarlarni mahalliylashtirish orqali kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan o‘z takliflarini berish imkoniyati yaratiladi.

2024-yil 1-oktabrgacha davlat xaridlari maxsus axborot portalida davlat buyurtmachilari amalga oshirgan davlat xaridlari natijalariga ko‘ra tovarlar (ishlar, xizmatlar), shu jumladan, ularning turlari kesimida shakllangan narxlarni jamoatchilik uchun ochiq ifodalovchi alohida sahifa joriy etiladi hamda davlat buyurtmachilariga ushbu sahifa asosida boshlang‘ich narxni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.

2024-yil 1-dekabrgacha davlat xaridlari tizimining mobil ilovalari yaratiladi.

Har yil yakuni bo‘yicha 2025-yilning 1-apreligacha davlat xaridlari sohasida “Eng faol tadbirkor” hamda “Eng yaxshi buyurtmachi” tanlovlari o‘tkaziladi.