Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, amaldagi qonun 2009-yilda qabul qilingan bo‘lib, unda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori, jumladan, sohada raqobatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari nazarda tutilmagan, elektr ta’minotining ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda kam xarajatli ishlashini ta’minlaydigan normalar aks ettirilmagan, iste’molchilarning narxlar va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish kafolatlari belgilanmagan. Shu boisdan qonun bugungi kun talablariga to‘liq javob bermaydi.

Yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonuni ushbu masalalarni yechimiga qaratilgan bo‘lib, davlat siyosatining quyidagi asosiy yo‘nalishlarini nazarda tutadi:

  • ishonchli, xavfsiz hamda barqaror elektr ta’minoti tizimini yaratish uchun huquqiy asoslarni shakllantirish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;
  • iste’molchilarning narxlar, ishonchli elektr ta’minoti va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish;
  • samarali, shaffof va raqobatbardosh elektr energiyasi bozorining rivojlanishini qo‘llab quvvatlash;
  • xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish;
  • elektr energetikasi sohasining samarali, shaffof va diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik tamoyiliga asoslangan faoliyat yuritishi uchun umumiy qoidalarini belgilash;
  • elektr energetikasi korxonalarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklarini belgilash hamda ularning o‘zaro va davlat hokimiyati organlari bilan munosabatlarining huquqiy asoslarini yaratish;
  • yagona elektr energetikasi tizimining xavfsizligini ta’minlash va bu tizimni takomillashtirish.

Qonun bilan raqobat muhitini rivojlantirish bilan bir qatorda, xususiy investitsiyalarni jalb qilish va joriy etishni rag‘batlantiruvchi elektr energetikasi sohasining samarali faoliyat yuritishi uchun tuzilma va umumiy qoidalarni belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonun vakolatli iste’molchi, ijtimoiy xizmat, ishlab chiqaruvchi, yirik iste’molchi kabi qator tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda.

Qonunda Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi hamda boshqa davlat organlarining vakolatlari va shu vakolatlar doirasida amalga oshiradigan faoliyati belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, qonunda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori konsepsiyasi elektr energiyasi bozorini va uning alohida segmentlarini tashkil etishning hamda ular faoliyat ko‘rsatishining batafsil tartibini va tamoyillarini belgilashi nazarda tutilgan.

Qonunda Energetika bozori regulyatori tomonidan ishlab chiqilishi va O‘zbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlanishi belgilangan konsepsiya ham nazarda tutilgan.

Qonun bilan Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari, Taqsimlash elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari, Markaziy xarid qiluvchining tijorat qoidalari, Elektr energiyasi bozorining umumiy qoidalari, Elektr energiyasi bozori monitoringi, Tizim operatori uchun umumiy qoidalar uchun talablar belgilanmoqda.