“Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi koeffitsiyentlari oshirilganiga izoh berdi.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonovning xabar berishicha, tadbirkorlar elektr energiyasi limiti oshib ketganda ikki baravar to‘lay boshlagan.

“[Yuridik shaxslarga] 1 kVt/soat uchun 900 so‘m qilingandi. Limitni abonent o‘ziga o‘zi belgilagan va predoplata qilgan. Aytaylik, oyiga 5000 kVt/soat. Limitdan oshsa, 960 so‘mdan to‘lashgan. Endi limitdan oshsa 1 kVt/soatni 1800 so‘m qilishibdi”, — deb yozdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababdan ko‘plab tadbirkorlar limit belgilamay to‘lab yurgan.

“1-iyundan boshlab o‘ziga limit belgilamaganlardan 100 kVt/soatdan uyog‘ini 1800 so‘mdan yechyapti va pul tugab o‘chirilyapti ekan”, — deydi u.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 30-may kuni prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yuridik shaxslar uchun elektr va gaz iste’moli koeffitsiyentlarini oshirish rejalari haqida gapirgandi.

“Qo‘shimcha ravishda me’yorlar belgilanadi, ya’ni gaz yoki elektr energiyasi iste’moli belgilangan limitning 10 foizidan oshsa, ortiqcha hajmga 2 baravarigacha bo‘lgan tarif qo‘llanadi. Bu nima uchun qilinmoqda? Bu — bugungi kunda import borligi hisobiga yanada qimmatlashib borayotgan energiya resurslarini tejash. Iqtisodiyotimizning maksimal energiya samaradorligiga erishish zarur”, — degandi u.

Energetika vazirligi o‘shanda “Gazeta.uz”ga oydinlik kiritgandiki, ushbu tartib yuridik shaxslar (xususiy tadbirkorlik subyektlari, davlat korxonalari va davlat tashkilotlari) uchun joriy etiladi. Misol uchun, korxona yoki davlat tashkiloti uchun limit 100 kVt/soatni tashkil etadi, ammo iste’mol 120 kVt/soat bo‘ldi. Ikki baravarlik tarif 10 kVt/soat uchun qo‘llanadi.

Yangi qoidalar

Bu me’yor Vazirlar Mahkamasining 31-maydagi qarori bilan tasdiqlangan yangi elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarida o‘z aksini topgan, deb xabar berdi “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi. Hujjat 10-iyundan kuchga kirdi, ya’ni Lex.uz qonunchilik bazasida e’lon qilinganidan 10 kun o‘tib paydo bo‘ldi. Energetika vazirligi hujjat haqida 15-iyun kuni xabar bergan.

Qoidalarning 5-bandidan kelib chiqib, HETKga iste’mol qilinadigan elektr energiyasi hajmlarining o‘zgartirilishi to‘g‘risida belgilangan tartibda takliflar kiritish mumkin, bunda elektr energiyasining shartnomadagi hajmini o‘zgartirish bo‘yicha taklif mo‘ljallanayotgan hisobot oyi boshlanishidan 10 kun oldin berilishi kerak.

“Ushbu qoidalarni amalga oshirishdan asosiy maqsad iste’molchilar tomonidan elektr energiyasidan tejamkor va oqilona foydalanishni tashkil etishdan iborat”, — deyiladi kompaniya xabarida.

HETning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, agar tadbirkor limit qo‘ymasa, 100 kVt/soatdan oshib ketgan taqdirda ikki baravar tarif qo‘llanadi. Shuningdek, bu loyihaning texnik shartlarida ko‘rsatilgani ta’kidlandi.

“Juda qimmat xato”

Iqtisodchi Behzod Hoshimov iyun oyi boshida Energetika vazirligining bu qarorini “juda qimmat xato” deb atagandi. Uning ta’kidlashicha, jismoniy shaxslar uchun ham energiya juda katta subsidiyalashgan narxda, ishlab chiqarish xarajatlaridan bir necha barobar arzon narxda beriladi.

“Buning sababi: moliyaviy qiynalganroq qatlamdagi insonlarga davlat tomonidan sal yordam bo‘lishi uchun. „Ijtimoiy norma“ deb atalgan limitdan ko‘proq iste’mol qilsalar narx oshar edi, o‘sha oshgan narx ham xarajatlarni mutlaq qoplamasa-da, qandaydir ma’noda subsidiyani daromadi ko‘proqlarga kamroq berishda edi. Bu yerda faraz shuki, ko‘proq energiya iste’mol qiladiganlar odatda boyroq va ularga „ijtimoiy narxlarda“ bir necha barobar arzonga boshqa soliq to‘lovchilar hisobidan elektr bilan ta’minlash xato edi”, — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shu sxemani yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llash “mutlaqo xato”.

“Chunki, birinchidan, shundoq ham yuridik shaxslar to‘laydigan narx xarajatlardan yuqoriroq. Ya’ni mantiqan yuridik shaxslar ishlatgan har bir kilovatt energiyadan, energetik kompaniyalar foyda olishadi. Jismoniy shaxslarda teskarisi, har bir uyda yoqilgan kilovatt soat svet uchun davlat — ya’ni soliq to‘lovchilar orasidagi farqni kompensatsiya qilishadi. Yuridik korxonalarda esa teskarisi — qancha ko‘p yoqishsa — shuncha foyda”, — deb yozdi u.

Lekin bu qarorning asli eng yomon tarafi iqtisodiy shikastida, deydi iqtisodchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi eng katta muammolardan biri “o‘rtacha firmaning kichikligi”dir. Ya’ni bizda, boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, korxonalarni nufuzi ortishi juda qiyin masala, deya tushuntirdi u.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Energetika vazirligi 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi 895 so‘m (QQS bilan 1002 so‘m) ekanini ma’lum qilgandi. Xususan, 1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari 741,93 so‘mni, transportirovka xarajati 57,8 so‘mni, taqsimlash va sotish xarajatlari 202,4 so‘mni tashkil etadi.