Samarqand va Andijonda AQSh va Janubiy Koreya davlatlariga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar aniqlandi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Payariq tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda F.T. MCHJ rahbari F.B. fuqaro U.A.ni 13 ming dollar evaziga AQShga ishga yuborishni va’da qilgani aniqlangan. U oldindan 10 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa holatda departamentning Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan D.M. va D.X. qo‘lga olingan. Ular fuqaro A.Yu.ning ishonchiga kirib, uning farzandini Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga 1 900 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.