Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida 14 yoshli qizni 7 oy davomida majburan saqlab kelib, turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan ayolga qonuniy chora ko‘rildi, deb xabar bermoqda bolalar ombudsmani.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil noyabr oyida bolalar ombudsmaniga viloyatning Kitob tumanida yashovchi voyaga yetmagan (2009 y.t.) Ch.T. murojaat qilgan. Unda qiz 2023-yilning may oyidan 15-noyabrga qadar Shahrisabz tumani Xo‘jabog‘ qishlog‘ida yashovchi fuqaro N.A. (ayol)ning uyida zo‘rlik va tahdid orqali turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangani haqida so‘z borgan.

Viloyat prokuraturasi 24-noyabr kuni hodisani o‘rganishni boshlagan. Kitob tumani prokurori tomonidan fuqaro N.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov guruhi tuzilgan va tezkor ravishda tergov harakatlariga kirishilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining xabar qilishicha, qiz Kitob tumanida yashovchi otasi G‘.J.ning qaramog‘ida bo‘lgan, onasi X.S. 2023-yil yanvar oyida Rossiyaga ishlash uchun ketgan va, xabar uzatilgan kun hisobidan, yashash manziliga qaytib kelmagan. Qizning tog‘asi X.M. tomonidan qilingan murojaatga asosan, holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli surishtiruv ishlariga kirishilgan.

8-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumani sudida sudlanuvchilar aybli deb topildi.

Jumladan, sudlanuvchi N.A. ismli ayol JKning 135-moddasi 3-qismining “a, g” bandlari hamda 127-moddasining 3-qismi (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) bilan 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

️Sudlanuvchi erkaklar A.F. va Sh. U. JKning 118-moddasi 3-qismining “a” bandi (O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish), 135-moddasi 3-qismining “a, g” bandlari, 127-moddasining 3-qismi bilan aybli deb topilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Surayyo Rahmonovaning ta’kidlashicha, sudlanuvlarning appelyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmagan.

Uning eslatishicha, bu toifadagi jinoyatlar uchun, javobgarlikning yangi tartibiga binoan, berilgan jazo yumshatilmaydi va to‘liq o‘taladi.

Voyaga yetmagan jabrlanuvchi Ch.T.ga jinoyat ishi yurituvi davomida va hozirda zarur bo‘lgan barcha ijtimoiy-huquqiy va psixologik ko‘mak ko‘rsatilmoqda, deb yozdi bolalar ombudsmani.