Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov O‘zbekistonda xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu haqda u YouTube`dagi “Lolazor” loyihasida bo‘lgan suhbat davomida aytib o‘tdi.

Vazir ko‘plab talabalar chet elga o‘qishga ketishi fonida xususiy universitetlar balansni ushlab turganini ta’kidladi.

“Biz xususiy universitet ochmaymiz desak, talabalar chet elga ketadi. Hozirning o‘zida shuncha xususiy OTM ochilganidan keyin ham 110 ming talaba chetda o‘qiyapti. Ularning soni 500 ming ham bo‘lishi mumkin edi… Bir tomondan, xususiy universitetlar balansni ushlab turibdi, deb o‘ylayman”, — dedi u.

“Lekin xususiy ekan deb buni ochaversak, u esa yetarli ta’lim sifatini bermasa, bu yaxshi emas. Oxirida chiqqan kadr yana ishsiz qolib ketadi. Jamiyatda ishsiz oliy ma’lumotlilar ko‘payib ketishi mumkin. Hozir xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatildi. Bor universitetlar bilan ta’lim nuqtai nazaridan ishlanmoqda”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi xususiy OTMlar soni 67 tani tashkil etadi, ularda qator tekshiruvlardan o‘tkazilyapti.

“Qaysisida salohiyat yetmayotgan yoki hajm nuqtai nazaridan muammolari bo‘lsa, ularga to‘g‘rilash haqida xat berilyapti. Shuni to‘g‘rilashgach, faoliyatiga xalaqit qilinmay, ishini davom ettiryapti. Unga javob bermaydiganlar sudga berilyapti. Agar sud jarayonida ular o‘zlarini oqlasa, litsenziyasi saqlab qolinyapti. Talabga javob bermasa, yopish bo‘yicha qaror chiqarilyapti”, — dedi vazir.

Shuningdek, oliy ta’lim tizimi mas’uli xususiy universitetlarning yopilishi tarafdori emasligini ham qo‘shimcha qildi.

“Men xususiy universitetlar tarafdoriman. Ularni yopish kerak, degan tarafda emasman. Shu paytgacha bo‘lgan OTMlarning ichini inventarizatsiya qilib ko‘raylik. Yaxshi ishlab turganlariga hech qanday cheklov yo‘q. Ularga qo‘shimcha yo‘nalishlar so‘rashsa ham beryapmiz”, — dedi u.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, mamlakatda oxirgi bor 2023-yilning oktabr oyida xususiy OTMga faoliyat uchun litsenziya berilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, hozirda xususiy universitetlarga litsenziya berish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Yaqinda hujjat e’lon qilinishi kutilmoqda. Vazirlik “Gazeta.uz”ga ayni damda ham xususiy OTM ochish uchun litsenziya so‘rab murojaat qilish imkoni borligini bildirdi.

2024-yilning fevral oyida vazirlik litsenziyasi bekor qilingan xususiy OTMlarning talabalari o‘qishni boshqa universitetga ko‘chirishi mumkinligini ma’lum qilgandi.