Prezident “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirishga doir qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, Quvasoy shahri hokimligi zaxirasidagi jami 210,4 gektar yer uchastkalari hisobiga “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi (“Qo‘qon” EIZ) hududi kengaytiriladi. Bu “Farg‘ona viloyatida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish maqsadida” amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

Buning uchun “Qo‘qon” EIZ kengaytirilayotgan hududining bosh rejasi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi, bunda:

  • “„Qo‘qon“ erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” unitar korxonasi bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi tashkilot etib belgilanadi;
  • bosh reja loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha tashkiloti tender (tanlov) savdolari natijasiga ko‘ra aniqlanadi.

2026-yil oxirigacha “Qo‘qon” EIZning kengaytirilayotgan hududida kamida 1 milliard dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 11,7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yiliga 965 million dollar qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarilishi, shundan 313,6 million dollari eksportga yo‘naltirilishi belgilangan.

“Qo‘qon” EIZ hududini kengaytirish rejalari haqida 2023-yil yanvaridagi prezident yig‘ilishida aytib o‘tilgan edi. O‘shanda, shuningdek, “G‘ijduvon” EIZning ham hududini kattalashtirish, Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryoda “Urgut” EIZning filiallarini tashkil etish ko‘zda tutilgan edi.