8-iyul kuni “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-247-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, Xitoy hukumati, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Xitoy — Qirg‘iziston -O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Bitim 2024-yil 6-iyun kuni Pekin shahrida imzolangan. Transport vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi.

2023-yil may oyida Xitoy temiryo‘l qurilish korporatsiyasining birinchi loyiha-tadqiqot instituti Xitoy — Qirg‘iziston -O‘zbekiston temiryo‘li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni yakunlagandi.

Tahlilga ko‘ra, uning qurilishi ortib borayotgan yuk tashish hajmiga samarali xizmat ko‘rsatish, ularni tashish vaqti va narxini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi, degandi O‘zbekiston rahbari bitimni imzolash marosimida.

Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev loyihaning amalga oshirilishi natijasida vujudga keladigan iqtisodiy ta’sirni barcha mamlakatlar his qilishini aytdi.

“Avvalo, yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratiladi, o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi va sanoat kooperatsiyasi ko‘lami, investitsion jozibadorlik o‘sadi va asosiy natija — fuqarolarimizning turmush darajasi oshadi”, — deya tushuntirgandi u.

Yo‘l mamlakatlarimizga istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini berib, tranzit salohiyati va mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni sezilarli darajada oshiradi, qayd etgandi prezident.