Turkiya ichki ishlar vazirligiga qarashli Silivri deport markazidan 34 nafar ayol ozod etilib, O‘zbekistonga qaytarildi, deya xabar bermoqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, qo‘mita tashabbusi bilan 21−25-aprel kunlari Senat, Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat ishchi guruh Turkiyada sayyor qabullar tashkil etgan.

Ularda mehnat muhojiri bo‘lgan xotin-qizlarni himoya qilish, jinoyatchilik sodir etish holatlari va odam savdosi qurboni bo‘lishlarining oldini olish hamda majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini tugatish maqsad qilgan. Xususan, qo‘mita raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaning Istanbul va Bursa shaharlarida uchrashuvlar o‘tkazgan.

Videodan lavha: Oila va xotin qizlar qo‘mitasi.Videodan lavha: Oila va xotin qizlar qo‘mitasi.

Uchrashuvlar davomida 255 nafar ayolning muammolari o‘rganilgan. Jumladan, mamlakat Ichki ishlar vazirligiga qarashli Silivri deport markazidan 34 nafar ayol ozod etilib, vatanga qaytarilgan.

Shuningdek, 4 nafar ayolga qonuniy yashash huquqini beruvchi hujjatlar shakllantirilgan va 100 nafardan ortiq ayolga huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Yana 3 nafar ayol ozodlikka chiqarilgan hamda 2 nafar og‘ir ahvoldagi bemorni O‘zbekistonga yetkazib kelishga erishilgan.