Daniya va Niderlandiya hukumatlari AQSh ko‘magida Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga “o‘tkazish jarayonida” turibdi. Bu haqda 10-iyul kuni Oq uy saytida e’lon qilingan uch davlat bayonotida aytiladi.

“Hozirda F-16 ni uzatish jarayoni davom etmoqda va Ukraina shu yozda F-16 da uchishni boshlaydi. Operativ xavfsizlik sabab hozircha qo‘shimcha ma’lumot bera olmaymiz”, — deyiladi AQSh prezidenti Jo Bayden, Niderlandiya bosh vaziri Dik Sxoof va Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen nomidan qilingan bayonotda.

Reuters xabariga ko‘ra, Niderlandiya Ukrainaga 24 ta, Daniya esa 19 ta qiruvchi samolyot yetkazib berishga va’da bergan. Norvegiya va Belgiya ham Kiyevga samolyotlar yetkazib berishni va’da qilgan.

F-16 samolyotlarining Ukrainaga topshirilishi haqida NATOning Vashingtondagi yubiley sammiti doirasida e’lon qilingandi. Sammitda ishtirok etgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatga 128 ta F-16 qiruvchi samolyoti kerakligini aytgan. “Ulardan 50 tasi bo‘lsa ham, hech narsa emas. Ularda [Rossiya armiyasi] uch yuzta bor, bizda esa 50. Biz o‘zimizni himoya qilyapmiz, bizga 128 ta samolyot kerak. Bizda shuncha samolyot bo‘lmaguncha, osmonda ularga tenglasha olmaymiz, qiyin bo‘ladi”, — degandi u.

  • 2023-yilning may oyida AQSh Yevropadagi ittifoqchilari bilan F-16 samolyotlari bo‘yicha ukrainalik uchuvchilarni o‘qitishga kelishib olgandi. Ushbu qaror YeI mamlakatlariga ushbu samolyotlarni Kiyevga jo‘natish to‘g‘risida e’lon qilish imkonini berdi, chunki Amerika harbiy texnikasini qayta sotish faqat AQSh roziligi bilan amalga oshishi mumkin.
  • Ukrainaning hozirgi havo floti asosan Sovet davridagi MiG-29 va Su-27 qiruvchi samolyotlaridan iborat. Ulardan farqli o‘laroq, F-16 uzoq masofalardagi dushman nishonlariga o‘q uzishi va yuqori aniqlikdagi bombalarni ishga tushirishi mumkin.