2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston aeroportlariga 53,3 mingta reys amalga oshirildi, shundan 16,3 mingtasi ichki yo‘nalishlarda, 36,9 mingtasi xalqaro yo‘nalishlarda bo‘ldi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 37 foizni tashkil etdi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Yanvar-iyun oylarini qo‘shib hisoblaganda O‘zbekiston aeroportlari 6 369 384 nafar yo‘lovchiga, jumladan, ichki reyslarda 1 263 304 nafardan ortiq, xalqaro reyslarda esa 5 106 080 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. 2023-yilning shu davriga nisbatan o‘sish 36 foizni tashkil etgan.

Birinchi yarim yillikda salkam 40,7 tonna yuk va pochta jo‘natmalari ham o‘tkazilgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 18 foizga ko‘pdir.

Bugungi kunda O‘zbekiston aeroportlari 84 ta yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi reyslariga xizmat ko‘rsatmoqda, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ko‘p hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich yangi aviatashuvchilar jalb etilishi va bir vaqtning o‘zida bir nechta yangi yo‘nalishlarning ishga tushirilishi hisobiga oshdi, deya ta’kidladi kompaniya.

14-martdan Varshava-Toshkent-Varshava yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘ygan LOT Polish aviakompaniyasi, 2-iyundan Doha va Toshkentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘lagan Qatar Airways va 3-iyundan Anqara-Toshkent-Anqara yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘ygan Turkiyaning AJet aviakompaniyasi shular jumlasidandir. May oyida Ispaniyaning World2Fly kompaniyasi Madriddan Toshkent va Urganchga sayyohlik charter reyslarini yo‘lga qo‘ydi.

Hozirda Uzbekistan Airports 45 ta aviakompaniya bilan hamkorlik qiladi.