10-iyul kuni “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, uning o‘g‘li, akasi — jami 37 nafar sudlanuvchi ustidan sud tergovi yakunlanib, muzokara bosqichiga o‘tildi, deya xabar bermoqda Kun.uz.

Ma’lum bo‘lishicha, Baxtiyor Qudratullayevga dastlabki tergov organi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan 44 ta epizod bo‘yicha ayb e’lon qilingan.

Prokuror muzokara nutqida Baxtiyor Qudratullayevni 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash, shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (Retsidiv jinoyat) 3-qismi “a” bandi bilan o‘ta xavfli retsidivist, deb topishni so‘radi.

“Jinoyat kodeksining 242-moddasi 1-qismi bilan Baxtiyor Qudratullayevni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilishni, 242-modda bilan aybdor deb topishni va shu modda bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, 165-modda 3-qismi „a“ va „b“ bandi bilan aybdor deb topib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, 168-modda 4-qismi „a“ va „b“ bandlari bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, 104-modda 3-qismi „d“ bandi bilan aybdor deb topishni va shu modda bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, 109-modda 2-qismi bilan aybdor deb topishni va 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, 276-modda 2-qismi „a, b“ bandlari bilan aybdor deb topishni va shu modda bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, 96-moddaga asosan giyohvandlikdan majburiy davolash chorasini qo‘llashni, JK 59-moddasiga asosan uzil-kesil 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni, 96-moddasiga asosan tibbiy yo‘sindagi majburiy chorani qo‘llashni, 34-modda 3-qismi „a“ bandi bilan o‘ta xavfli rezident deb topib jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tash belgilanishini so‘rayman”, — degan prokuror.

Davlat ayblovchisi sanab o‘tgan moddalar — jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarga doir jinoyatlarni ko‘zda tutadi.

Prokuror, shuningdek, sudlanuvchi Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘illari — Bekzod Zafarovga 11 yil, Ixtiyor Qudratullayevga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ragan.

Keyingi sud majlisida advokat va sudlanuvchilar tinglanadi. Sud 15-iyulga qadar tanaffus e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, 5-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Baxtiyor Qudratullayev davlat tashkiloti vakillari unga aloqaga chiqib, mamlakatda yoshlar, sportchilar orasida pichoqbozlik ko‘payib ketayotgani uchun “ko‘cha”ni tartibga solishni so‘raganini aytgandi.

Sudya “Siz davlat tashkilotida rasmiy ishlaganmisiz?” deb so‘ragan. Sudlanuvchi esa yoshligidan boshlab, umrining asosiy qismi qamoqda o‘tganini ta’kidlagan.

“Yoshligingizdan o‘tirgan bo‘lsangiz, davlat sizga qanday topshiriq berishi mumkin?” — degan sudya. “Buni ulardan so‘rash kerak”, — deya javob qaytargan “Baxti Tashkentskiy”.

Sudya “Tartibga solishga huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuchi yetsa kerak, to‘g‘rimi?” — deya savol bergan. Baxtiyor Qudratullayev “to‘g‘ri”, degan. “Unda nima uchun davlat sizga topshiriq bergan?” deya takroriy savol bergan sudya.

Baxtiyor Qudratullayev bunga javoban o‘sha yillari O‘zbekistonda yoshlar va sportchilar orasida pichoqbozlik ko‘payganini, davlat tashkiloti ular bilan hamkorlik qilgach, bu jinoyatchilik 60 foizga kamaygani haqida ma’lumotlar aytilganini bildirgan. U bilan aloqaga chiqqan davlat tashkiloti mas’ullari shunday ma’lumot berishganini qo‘shimcha qilgan. Biroq ularning aynan kim ekanligiga aniqlik kiritmagan, sudya ham bu haqda undan so‘ramagan edi.