Elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimi 1-avgustdan joriy etiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” vakiliga tayanib Spot xabar bermoqda.

Hozirda korxona iste’molchilariga yetkazib beriladigan elektr energiyasi hisobi 2012-yilda joriy qilingan billing to‘lov tizimi asosida yuritiladi. 2023-yil sentabrida prezident elektr energiyasi ulgurji va chakana bozorlari mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasini” tasdiqlangandi. Unga ko‘ra, “HET” 2024-yil oxirigacha yangi billing tizimini joriy etishi kerak edi.

Yil boshida davlat rahbari elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha xonadonning yagona billing hisobraqamini joriy qilish kerakligini ta’kidlagandi.

“HET” boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayevning qayd etishicha, hozirda mazkur tizim sinov tarzida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joriy etilgan.

“Bizga zamonaviy billing tizimi kerak edi, 2022-yilning oxirida yangi tizim bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqildi. Joriy yilning 1-avgustidan butun mamlakatda mazkur tizim yangilanadi”, — dedi u.

Xabarda aytilishicha, amaldagi tizimda abonentning ism-familiyasi, pasport ma’lumotlari va hisobraqami bo‘lsa, yangi tizimda abonentning kadastr, bitta odam nomida nechta hisobraqam borligi kabi axborotlar mavjud bo‘ladi.

Yangi tizimda monitoring ishlarini olib borish maqsadida iste’molchining shikoyat va takliflari, ularning soni ham yozib boriladi. “Umuman boshqa billing bo‘ladi”, — dedi Alvar G‘aybullayev.

Bundan tashqari, tizimning mobil ilovasi ham ishlab chiqilib, u orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hamda iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdorini onlayn olish mumkin bo‘ladi.

G‘aybullayevning aytishicha, hozirda aholining “aqlli” hisoblagichlar bilan ta’minlanganlik darajasi 90 foizni tashkil etadi. 1-avgustgacha qolgan iste’molchilarda ham shunday hisoblagichlar bo‘ladi, jami abonentlar soni 8,5 millionga yetadi, deyiladi xabarda.

“Aholi ko‘paymoqda, uy-joy qurilmoqda, ishlab chiqarish ortmoqda. Shunday ekan, ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazib bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi “HET” vakili.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning 2017-yil 14-sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda 2020-yil oxirigacha kommunal xizmatlar uchun yagona hisob-kitob tizimini yaratish rejalashtirilgan edi. 2021-yilda ekspertlar yagona billing tizimini joriy etishdagi muammolarni muhokama qilgandi.

Aslida yangi billing tizimini ishlab chiqish va joriy etish 2022−2023-yillarga rejalashtirilgan edi. “HET” 2022-yilda buning uchun 13 million dollar sarflagan.