Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Andijon viloyatidagi Shangfeng — Bridge of Friendship sement zavodiga qarshi antidemping ishi qo‘zg‘atdi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Farg‘ona vodiysida faoliyat yuritayotgan bir qancha sement zavodlari tashkilotga mazkur korxona ustidan shikoyat bilan murojaat qilgan. Ularga ko‘ra, Xitoy bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxona o‘z mahsulotlarini ichki bozorda tannarxidan past narxlarda sotmoqda, buning ortidan boshqa ishlab chiqaruvchilar bankrotlik yoqasiga kelib qolgan.

raqobat qo‘mitasi, sement, sement zavodlari, shangfeng — bridge of friendship

Qo‘mita yangi rahbari Halilillo Turaxujayev vaziyatni joyida o‘rganib, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan kelgan 13 ta sement zavodi vakillari bilan uchrashdi va ularning muammolarini eshitdi.

Qo‘mita demping (mahsulotlarni sun’iy ravishda arzon narxda sotish) alomatlarini komissiya asosida tekshirish uchun Shangfeng — Bridge of Friendship kompaniyasiga so‘rov yuborgan, ammo u o‘z vaqtida ma’lumot bermagan, shu sababli tashkilot ish qo‘zg‘atgan.

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida qiymati 500 million dollarlik ikkita sement zavodi tashkil etish rejalari haqida 2023-yil oktabr oyida aytilgan edi. O‘shanda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov korxonalar yiliga 20 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 15 million dollarlik import o‘rnini bosish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidlagandi.

Shangfeng — Bridge of Friendship aprel oyi oxirida ishga tushirilgan, quvvati — yiliga 2,5 million tonna sement. Uning asoschilari Xitoyning Zhejiang Shangfeng Building Materials (29%), Conch International Holdings Hong Kong Limited (51%) va mahalliy Jo’ydam Ta`mir Qurilish (20%) kompaniyalari hisoblanadi.

West China Cement kompaniyasiga tegishli xuddi shunday quvvatga ega ikkinchi zavod may oyida ochilgan.