Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarga elektron cheklar va onlayn-NKT (nazorat-kassa mashinalari) summalarni tahrirlash imkonini beradi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bunda 2023-yil 1-yanvardan 2024-yil 30-iyungacha chiqarilgan cheklar bo‘yicha summalarni tuzatish mumkin.

Buning uchun my3.soliq.uz platformasidagi “Yuridik shaxslarning onlayn nazorat kassa texnikasi ma’lumotlari” sahifasidan “Chek ma’lumotlari” bo‘limiga kiriladi. So‘ngra qidiruv tizimiga chekning fiskal modulning identifikatorini, sanasini, raqamini kiritib, tuzatadigan chek topiladi va oynada chek summasi tahrirlanadi.

Chek summasi o‘zgartirilgandan so‘ng, tadbirkorning tahrirlash natijasida yuzaga keladigan oqibatlarni o‘z zimmasiga olishi haqidagi murojaati (faqat bitta fayl) ilova qilishi lozim.

Summasi tahrirlangan cheklar hududiy soliq boshqarmalari ishchi guruhi tomonidan qabul qilinadi yoki rad etiladi. Ularning javobini shaxsiy kabinetdan topish mumkin.

Chek tahrirlash rad etilganda, izohga ko‘ra, tuzatishlar kiritilib, qayta murojaat yuborish mumkin. Murojaatlar 10 kun — 10−25-iyul kunlari qabul qilinadi. Soliq qo‘mitasi jarayonni so‘nggi kunga qadar qoldirmaslikni tavsiya etdi.

Tadbirkorlar keshbek to‘langan bo‘lgan cheklarni to‘g‘rilashlari mumkin, ammo bu summa budjetga qaytarilishi kerak. Bunday holda, ular hisobotlarni qayta topshirishlari kerak. Qayta hisob taqdim etmaslik tafovutlarni (avtokameral) keltirib chiqaradi.

Soliq to‘lovchilar cheklardagi (2023-yil 1-yanvardan boshlab berilgan) summadan tashqari boshqa ma’lumotlarni muddatsiz tahrirlashlari mumkin, xususan:

  • qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasi va stavkasini (0/12 foiz);
  • mahsulot va xizmatlar identifikatsiya kodini (MXIK);
  • komitent STIRini;
  • mahsulot miqdorini;
  • o‘lchov birligini;
  • to‘lov turini (naqd pul yoki bank karta).

Tadbirkor chek tahrirlanishi natijasida yuzaga keladigan oqibatlarni o‘z zimmasiga olishi haqidagi murojaatini (faqat bitta fayl) ilova qilishi lozim. Tahrirlangan cheklar bo‘yicha lozim bo‘lgan taqdirda, soliq hisobotlarini qayta topshirish talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev Soliq qo‘mitasi E-aktiv (E-ombor) tizimidan joriy etish murakkabligi tufayli voz kechganini aytgandi. U, shuningdek, mahallalarda sotiladigan preparatlar ma’lumotlarini taqdim etuvchi dorilar markirovkasi va dorilarga QQS qaytarilgandan keyingi o‘zgarishlar haqida gapirgandi.