Xorazm viloyatida fuqaroni ijodiy imtihondan o‘tkazib qo‘yishni va’da qilgan Urganch davlat universiteti dekani ushlandi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Ma’lum bo‘lishicha, UrDU fakulteti dekani S.K. fuqaro Z.O‘.ga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida ushbu universitetda o‘tkaziladigan ijodiy (kasbiy) imtihondan o‘tishda amaliy yordam berishni va’da qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda u xizmati evaziga 2,600 dollar (bugungi kursda taxminan 33 million so‘m) va 2,5 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.